Agrar universiteti ham Oliy ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazildi, Andijonda filial tashkil etiladi


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Toshkent davlat agrar universitetida oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. 

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligining takliflari asosida:

Toshkent davlat agrar universiteti, uning filiallari va tarkibidagi akademik litseylari bilan birgalikda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazildi;

Andijon qishloq xo‘jaligi instituti negizida Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali tashkil etildi.

Quyidagilar Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • qishloq xo‘jaligida innovatsion resurstejamkor texnika va texnologiyalarni ko‘llash, intensiv agrotexnologiyalarni joriy qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlarida hosildorlikni oshirish, ularning seleksiyasi va urug‘chiligini tashkil etish, kasalliklar va zararkunandalarga qarshi kurashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, dastlabki qayta ishlash, standartlashtirish, sertifikatlash, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash, o‘rmonchilik, baliqchilik bo‘yicha yangi va zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan yuksak malakali kadrlar tayyorlash; 
  • o‘quv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, o‘quv rejasi va fan dasturlarida soha bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli va resurstejamkor ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilimlarni aks ettirish, o‘quv jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta`minlash orqali oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish; 
  • sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalarga oid bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirishni hisobga olgan holda talabalarni o‘qitishning ilg‘or usullarini ishlab chiqish va o‘quv jarayoniga joriy etish; 
  • professor-o‘qituvchilarning kasbiy bilimi, pedagogik mahorati va ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirish, xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish; 
  • fan, ta’lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta`minlash orqali manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy-texnik vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan amaliy va innovatsion izlanishlarni amalga oshirish; 
  • agrar soha uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, universitetga biriktirilgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlari ta’lim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini ta`minlash, ularda sifatli ta’lim berilishini tashkil etish; 
  • oliy ta’lim muassasasini bitirayotgan kadrlarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish, ularning kasbiy faoliyati monitoringini tizimli tashkil etish. 

Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida amalga oshiriladigan qurilish-ta`mirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tugatildi va uning funksiyalari hamda u uchun nazarda tutilgan moliyalashtirish manbalari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazildi.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining magistratura mutaxassisliklariga qabul O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun to‘liq davlat granti asosida amalga oshiriladi.

Quyidagilar Toshkent davlat agrar universiteti va uning Andijon, Nukus, Termiz filiallarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha kadrlar buyurtmachilarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • korxona va tashkilotlar ob`yektlarida talabalarning amaliyotini tashkil qilish va ustoz-shogird tizimi asosida o‘tilishini ta`minlash hamda talabalarni ishlab chiqarishning yangi me`yoriy hujjatlari, zamonaviy axborot dasturiy ta`minot mahsulotlari bilan yaqindan tanishtirish; 
  • ishlab chiqarish korxona va tashkilotlaridan tayinlangan malakaviy amaliyot rahbarlariga asosiy ish joyidan qo‘shimcha ish haqlarini tayinlash; 
  • manfaatdor vazirlik va idoralar tasarrufidagi boshqarmalar va ularning tarkibidagi korxona va tashkilotlardan malakali, tajribali mutaxassislarni ta’lim jarayonida ishtirokini ta`minlash; 
  • korxona va tashkilotlarda professor-o‘qituvchilarning stajirovkalari uchun shart-sharoitlar hamda kafedralarning filiallarini tashkil etish va amaliy mashg‘ulotlar o‘tish imkoniyatini yaratish. 

Kadrlar buyurtmachilari talaba bilan o‘qishni bitirganidan so‘ng 5 yil ishlab berish majburiyatini belgilovchi shartnoma tuzish orqali uning bazaviy to‘lov kontraktini 2-bosqichda kamida 50 foiz, 3-bosqichda kamida 75 foiz va 4-bosqichda 100 foiz miqdorda to‘lab berishi mumkin.

Toshkent davlat agrar universitetining Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot va o‘quv-tajriba stansiyasi" DUK o‘rnida “Qishloq xo‘jaligida innovatsion ishlanmalar va maslahat markazi" DUK tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali va akademik litseylari bilan birgalikda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazilgani xabar berilgandi.