AKT ni o'qitishda Integral universiteti bilan hamkorlik qilinadi


8-noyabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov Hindistonning Integral universiteti asoschisi va rektori Sayed Vasim Axtar boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda Hindistonga davlat tashrifi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi AKT sohasida Hindistonlik hamkorlar bilan bir qator shartnomalar, xususan, texnoparklarni rivojlantirish, AKT sohasida kadrlarni tayyorlash, elektron hukumatni rivojlantirish, tinchlik maqsadlarida kosmik tadqiqotlar va boshqa bir qator shartnomalar imzolangani qayd etildi. Ayniqsa, Hindiston bilan AKT-ta’limi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Hindistonning Integral universiteti mamlakatning obro‘li oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Mazkur universitetga 2004 yili Lakxnau shahrida asos solingan. Hozirgi kunda universitetda 9,8 mingdan ortiq talaba arxitektura, kompyuter ilmi, iqtisod, tijorat, madaniyat va boshqa sohalardagi 150 dan ortiq ta’lim dasturlari bo‘yicha tahsil olmoqdalar.

Universitet 17 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr hamda 14ta mutaxassislik bo‘yicha magistr tayyorlaydi.

Foto: «Mitc.uz»

Uchrashuvda AKT sohasida xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali, birinchi navbatda, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, axborot tizimlarini va kompyuter tarmoqlarini boshqarish yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi. Bunda Hindistonning ilg‘or tajribasini tatbiq qilish muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Integral universiteti Hindistondagi eng yosh xususiy universitetlardan biri hisoblanadi. Ta’lim va ilmiy-tadqiqot nufuzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida universitetda 650 dan ortiq professor-o‘qituvchilar, olimlar va ilmiy-tadqiqotchilar faoliyat olib bormoqda. Hozirgi kungacha ushbu universitet bitiruvchilari 25 mingdan ortiqni tashkil qiladi.

Manba: xabar.uz