Baxtiyorlik siri bo‘lgan umrboqiy hayotiy tamoyillar


Quyida e’tiboringizga hayotni yanada samarali, yanada mazmun-maqsadli qilishda muhim hisoblangan barhayot an’analarni taqdim etamiz.

Bilim & Tafakkur

Axborot asrida yashashning ham qulay jihati mavjud. Misol uchun, bilim va yangiliklar endi bizning kaftimizda, ya’ni smartfonimizda. Bir necha asr ilgari Navoiy bobomiz ogoh kishini shoh darajasiga ko‘targan edilar. Boisi bu kishida vaziyatni baholashda muhim bo‘lgan bilim, ma’lumot bor. Elektron qurilmalar ko‘proq o‘qish va ong-idrokni kengaytirish uchun xizmat qilsa, hayot ham yaxshi tomonga o‘zgaradi.

Hayotda saboq va xulosa chiqarishni, ularga amal qilishni o‘rganing. Aks holda, ular qarshimizdan qayta va qayta chiqaveradilar.

Ziddiyat & O‘zgarish

Hayotdagi ziddiyatlar inson fe’l-atvorini sinovdan o‘tkazadi va kezi kelganda unga ta’sir o‘tkazadi. Har qanday sharoitda yomon illatlardan voz kechib, yaxshi odatlarga o‘rganish hayotning muhim tamoyilidir. Hayotning zarbasini fe’ldagi biror "uxlab yotgan" ijobiy xulqni uyg‘otishga yoki biror nuqsonni qulatishga yo‘naltirish yashashning chinakam shartidir.

Iste’mol madaniyati

Alisher Navoiyning "Og‘ziga kelganni demoq - nodonning ishi, Oldiga qo‘yganni yemoq - hayvonning ishi" degan hikmatlarini eshitgan bo‘lsangiz kerak. Har kuni og‘zingizdan kirayotgan luqmani hech nazorat qilganmisiz? Unutmang, hamma narsada, jumladan taom iste’molida ham o‘rtachalik yaxshi. Ko‘p iste’mol qilish insonning tafakkur doirasini chegaralaydi, tan sa’y-harakati ovqat hazm qilish bilan band bo‘ladi. Juda kam ovqat tanovul qilish ham sog‘lik uchun zararli.

Bugun - do‘konlar kimyoviy qo‘shimchalarga boy mahsulotlarga to‘la bir davrda sog‘lom ovqatlanishga alohida e’tibor qiling.

Vaqti-vaqti bilan bo‘ladigan ochlik insonning ruhiy-ma’naviy, hissiy va jismoniy holatini tarbiyalashda muhim o‘rin egallaydi.

Sabr & Qat’iyat

Hayotda hadeb huzurlanish yoki muntazam mamnun bo‘lish imkonsiz. Boisi, umr mohiyatini baxtiyorlikda emas, mashaqqatlarda anglash mumkin.

Maqsad qilgach, uning uchun sabr bilan kurashing. Harakatda qat’iy bo‘ling. Tez erishilgan bo‘lsa, muvaffaqiyat sizga tegishli bo‘lmaydi. Uzoq va mashaqqat bilan erishilgan mukofotning qadri ham yuqori bo‘ladi.

Eleanor Ruzvelt aytgani kabi, hayotning ma’nosi yashash va yangi kechinmalarga botirlik bilan qo‘l cho‘zishdan iborat.

Noxushlikdan saqlanish

Salbiy taassurot qoldirgan kishidan qoching, xosiyatsiz manzilga borishdan tiyiling. Tobora chigallashib borayotgan vaziyatni murosa yo‘li bilan yumshating. Nohaq ekaningizni tan olishdan qo‘rqmang.

Eng qiyin paytda ham g‘azabni jilovlashga o‘rganing. Kimdir sizga nohaq yomon gapirsa ham, muloyimlik bilan murojaat qilib, ularni mulzam qiling va tarbiyalang.

Hayotdan nolish odatidan saqlaning. Boisi, bu kabilardan hamma qochadi va nom-nishonsiz yashaydilar.

Manba: erkak.uz