DTM direktori: «Test imtihonlari ochiq, shaffof va adolatli o‘tishi uchun barcha sharoit yaratildi»


Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, kutilayotgan natijalar va kelgusi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda Davlat test markazi direktori Majid Karimov va markaz bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil test sinovlari 29 iyul kunidan boshlanadi. Joriy o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga tahsil olish uchun 1 million oltmish olti ming 925 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi va ma’lumotlar bazasiga kiritilgan. Test sinovlarini o‘tkazish uchun 66 ta bino tayyorlandi, binolarning eng kattasi 1710 o‘rinli. Rejadagi 3 ta binodan foydalanilmaydi.

Abituriyentlar soni rejadagidan kam bo‘lganligi sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta, Buxoroda 1 ta va Toshkent shahrida 1 ta zaxiradagi binolarda test sinovi o‘tkazilmaydi.

Binolar bir smenada 1189 ta guruhda 35670 nafar abituriyent (kunlik 2378 ta guruh, 71340 nafar abituriyent) uchun kirish test sinovlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan.

Bugungi kunda 66 ta bino abituriyentlar soniga yetarlicha bo‘lgan stol-stul bilan ta’minlandi. Stollar ustiga abituriyentlar uchun ko‘rsatma ma’lumotlar qo‘yib chiqilgan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda baholar uchun 1155 tadan ortiq videokuzatuv kameralari, 120 dona mobil aloqalarini to‘suvchi qurilma (glushitel), abituriyentlar sonidan kelib chiqqan holda metalloramalar, barmoq izi asosida tanish vositalari o‘rnatildi. Test sinovi o‘tkaziladigan binolarga qo‘shimcha zaxira elektr tarmoqlari ulandi.

Ota-onalarning kutish joylari uchun soya-salqin joylar belgilandi va ularga maishiy sharoitlar tashkil etish belgilangan. Kirish test sinovlarida shaffoflik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida abituriyentlar ota-onalarining test sinovlari jarayonini onlayn rejimda kuzatib borishlari uchun monitorlar o‘rnatildi.

Qabul test sinovlari uchun 180 mingdan ortiq test topshiriqlari shakllantirilgan. Testlar 2-bosqichli ekspertizadan o‘tkazilgan, ularning o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillaridagi bir xilligi ta’minlanadi.

Kirish test sinovlari jarayonida guruh nazoratchisi vazifasini bajarish uchun seminar mashg‘ulotlarda ishtirok etgan hamda sinovlarda ijobiy baholangan oliy ta’lim muassasalarining jami 5232 nafari professor-o‘qituvchilari, xalq ta’limi tizimidagi rahbar va pedagog xodimlar bilan tegishli mehnat shartnomalari rasmiylashtirilgan.

— Bugungi kunga qadar 930 mingdan ortiq abituriyent DTMning dtm.uz rasmiy veb-saytidan ruxsatnomalarini olgan, 57 mingdan ortig‘i bugun kun yakuniga qadar olib ketishlari talab etiladi, — dedi Majid Karimov. – Ammo bu oxirgi muddat emas, abituriyentlar imtihon kuniga qadar ruxsatnomasini olsa, imtihonga muammosiz kiritiladi. Test imtihonlariga kechikkan abituriyentlarga ham imkon berish bo‘yicha Davlat qabul komissiyasiga taklif berganmiz. Umuman, test imtihonlarida barcha uchun bir xil sharoitni ta’minlash, imtihonlarning ochiq, shaffof va adolatli o‘tishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Qayd etilishicha, test imtihonlari eng birinchi Surxondaryo viloyatida yakunlanadi — 8 avgust. Toshkent shahri, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida 10 avgust, Qashqadaryo viloyatida 11 avgust, Farg‘ona, Jizzax va Navoiy viloyatlarida 12 avgust, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Xorazm va Samarqand viloyatlarida 13 avgust va Buxoro viloyatida 14 avgust kuni kirish imtihonlari yakuniga yetadi.

Davlat test markazi direktori bu yil abituriyentlardan avvalgi yillarda ham hujjat topshirgan abituriyentlardan hujjat qabul qilishda yig‘ilgan mablag‘lar miqdoriga ham aniqlik kiritdi — 53 milliard so‘m. Ushbu mablag‘lar test jarayoni uchun talab etiladigan xarajatlarga yo‘naltiriladi. Shuningdek, 10 mingdan ziyodi noto‘g‘ri to‘lovni amalga oshirgan abituriyentlar ham bor va Markaz ushbu mablag‘larni egalariga qaytaradi.

Majid Karimov shuningdek, appelyasiya arizasi 4 ming atrofida bo‘lganini aytib o‘tdi. Shulardan 40 dan ortig‘i qanoatlantirilgan. Sud orqali 8 kishi murojaat qilgan va ikki nafari yutib chiqqan.

«Test markazi noto‘g‘ri savol tuzmagan. Pediateriya institutiga hujjat topshirgan ikki abituriyent bitta savol bo‘yicha yutib chiqdi. Biz sud qarori bo‘yicha appelyasiya berishga vaqtimiz bo‘lmadi. Lekin sud qarori talabini bajardik. Bittasi to‘lov-shartnoma asosida o‘qir ekan, davlat grantiga o‘tkazildi, yana biriga esa bu yil o‘qishga kirishi uchun imtiyoz berilgan», — Majid Karimov.

Manba: xabar.uz