IIV akademiyasi sirtqi ta’lim shakliga tanlov e’lon qilinadi


O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasining sirtqi ta’lim shakliga ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan, yoshi qirqdan katta bo‘lmagan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Kadrlar bosh boshqarmasi tomonidan ma’lumot berildi.

Akademiyada o‘qish muddati oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun to‘rt yil, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun uch yilni tashkil etadi.

Akademiyada o‘qish oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Akademiyaga o‘qishga kirishni xohlagan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari o‘z xizmat joylari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli bosh boshqarmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari nomiga bildirgi bilan murojaat qiladilar.

Bildirgilar joriy yilning 15 may kuniga qadar qabul qilinadi.