Jismoniy tarbiya instituti faoliyati takomillashtiriladi


2017 yil 10 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3197-son qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2017 yil 3 iyundagi PQ-3031-son qarori ijrosini ta’minlash, respublikada jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlar tayyorlash sifatini tubdan oshirish, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘quv jarayonini zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish uchun zarur moddiy-texnik bazani yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining:

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Sportchilar ko‘chasi, 19-uy va Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejini Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Chirchiq 50 yillik ko‘chasi, 14-uy manziliga joylashtirish;

Chirchiq shahar V.Xaydarov ko‘chasi, 1-uyda joylashgan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJning bino va inshootlarini hamda istirohat bog‘ini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti hamda Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejini qayta joylashtirish va faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish bilan bog‘liq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha komissiya tarkibi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Komissiya o‘n kun muddatda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti hamda Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejini qayta joylashtirish va faoliyatini tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va amalga oshirilishini ta’minlasin.

3. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi bo‘limi tashkil etilishiga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi yangi o‘quv yili boshlangunga qadar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida tashkil etiladigan ta’limning sirtqi shakli bo‘yicha o‘quv reja va dasturlarni ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin.

4. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida tahsil olayotgan sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari, terma jamoa a’zoligiga nomzodlarga ularning xohish-istaklariga ko‘ra o‘qish muddati hamda kursi saqlangan holda ta’limning sirtqi shakliga o‘tkazishga ruxsat berilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi o‘n kun muddatda:

Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga tegishli Chirchiq shahar, Sportchilar ko‘chasi, 19-uyda hamda Chirchiq shahar V.Xaydarov ko‘chasi, 1-uyda joylashgan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJning bino va inshootlarini hududlari bilan birgalikda hamda istirohat bog‘ini bepul operativ boshqarish huquqi asosida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga;

Chirchiq sanoat-iqtisodiyot kasb-hunar kollejining Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Chirchiq 50 yillik ko‘chasi, 14-uy manzilida joylashgan binolari va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda bepul operativ boshqarish huquqi asosida Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga berilishini ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Toshkent viloyati hokimligi Chirchiq sanoat-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji faoliyati tugatilishini hamda kollej o‘quvchilari va pedagog kadrlarini Chirchiq shahridagi boshqa kasb-hunar kollejlariga yo‘nalishlari bo‘yicha joylashtirilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining asoslangan hisob-kitoblari asosida:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti hamda Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga berilayotgan obyektlarni rekonstruksiya kilish va mukammal ta’mirlash maqsadida 2017 yilda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun zarur mablag‘larni ajratsin;

2018 yil va keyingi yillar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti hamda Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji obyektlarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash, qo‘shimcha bino va inshootlar qurish hamda jihozlash uchun Jamg‘armadan mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.

8. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti hamda Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji uchun bino va inshootlarni qurish hamda ularga berilayotgan tegishli binolar va inshootlarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha:

Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi – buyurtmachi etib;

“O‘zshaharsozlikLITI" AJ – bosh loyihachi tashkilot etib;

“Qurilishbirlashmasi" AJ – bosh pudratchi tashkilot etib belgilansin.

9. Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasiga 2017 yil 15 oktyabrga qadar qurilish va jihozlash ishlarini tugallanishini ta’minlagan, belgilangan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etgan holda qurilish montaj ishlarini loyihalashtirish bilan bir vaqtda amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat berilsin.

10. O‘zbekistan Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi bilan birgalikda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini elektron ta’lim milliy tarmog‘iga ulash choralarini ko‘rsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining Toshkent shahridan qatnab ishlovchi professor-o‘qituvchilari va xodimlari hamda talabalarni borish-kelishi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratsin.

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.D.Qurbonov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov va Toshkent viloyati hokimi Sh.X.Babayev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev