Kirish imtihonlarida sinovlar 5ta fan bo‘yicha joriy etilishi mumkin


Davlat test markazi rahbariyati 2020/21 o‘quv yilidan boshlab abituriyentlar 5ta fan bo‘yicha imtihon topshirishi rejalashtirilayotganini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, abituriyentlar test fanlari majmuasini ikki bo‘limga ajratib, ya'ni 3ta majburiy hamda 2ta ixtiyoriy fandan imtihon topshirishi nazarda tutilmoqda.

«Joriy yilning sentabr-oktabr oyida fanlar majmui ma'lum qilinadi. Bu Janubiy Koreya, Qozog‘iston, AQSh tajribasi asosida O‘zbekistonda amaliyotga kiritilmoqda», – deydi DTM rahbari Majid Karimov.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hujjat loyihasida ta'kidlanishicha, fanlar majmuasining birinchi bo‘limida ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, ikkinchi bo‘limida esa da'vogarlik qilinayotgan ta'lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan savollar berilishi mumkin.

Shuningdek, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab, yoshlarning ona tili bo‘yicha savodxonligini oshirish va aniqlash maqsadida yozish ko‘nikmalarini baholash uchun ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) bo‘yicha diktant topshirish yo‘lga qo‘yiladi.

Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, yozish ko‘nikmasini baholash asosiy imtihonlarga qo‘shimcha ravishda tashkil etiladi, ammo bu qaysi mexanizmlar orqali ishlashi to‘liq ishlab chiqilmagan. Agar abituriyent yozma sinovdan yetarli ball to‘plasa, ona tili fani bo‘yicha testni topshirmasligi ham mumkin. Rejada ushbu yangilikni amalga oshirish tartibi joriy yilning oktabr oyiga qadar rasman e'lon qilinadi.