«MISiS»ning Olmaliqdagi filiali uchun binolar ajratildi


Olmaliqda Rossiya «MISiS» universiteti filiali ochilishi haqida xabar bergan edik.

Filialga tekin foydalanish uchun Navoiy davlat konchilik institutining Toshkent viloyati, Olmaliq shahri, Amir Temur ko‘chasi, 56-uy manzilida joylashgan binosi hamda 2017/2018-o‘quv yili yakuni bo‘yicha faoliyati tugatilayotgan Olmaliq sanoat kasb-hunar kollejining Toshkent viloyati, Olmaliq shahri, Amir Temur ko‘chasida joylashgan binosi berilishi belgilandi.

2018-yil 1-sentyabrga qadar muddatda Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan ta’minlanadi.

Filialga 2018/2019 o‘quv yili uchun ta’limning kunduzgi shakli bo‘yicha qabul kvotasi jami 150 kishi, jumladan, bakalavriatning «Konchilik ishi» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 75 kishi, «Metallurgiya» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 50 kishi, «Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (tarmoqlar bo‘yicha)» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 25 kishi etib belgilandi.

Shuningdek, qaror bilan filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari aniqlashtirildi. Filialni tashkil qilish, uning moddiy-texnik va o‘quv bazasini shakllantirish bo‘yicha tashkiliy tadbirlarni, jumladan, ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borishni, bino va inshootlarni zarur mebel, inventar, zamonaviy o‘quv hamda laboratoriya jihozlari, kompyuter va boshqa orgtexnika, kutubxona fondi bilan ta’minlashni, shuningdek, «MISiS» MTTU mutaxassislarini jalb qilish bilan bog‘liq xizmat safari xarajatlarini, Filial mahalliy o‘qituvchilarining stajirovkasi va malakasini oshirish xarajatlarini moliyalashtirish «Olmaliq TMK» AJ mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi qayd etildi.


Manba: xabar.uz