NamDU talabalari nimadan norozi?


O‘tgan haftada Namangan Davlat universitetida “sessiya" paytidagi muhim tadbir, ya’ni DXX, prokuratura, ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullari ishtirokida ochiq muloqot, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Profilaktik tadbirda dastlab talabalar, ota-onalar, guruh sardorlari, professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi korrupsion munosabatlarning oldini olish va unga qarshi kurashishga doir videorolik ko‘rildi, ma’ruzalar eshitildi. Ushbu salbiy holatlarni kamaytirishda yoshlarning murojaati uchun Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasining xizmat raqamlari aytildi, hammani hamkorlikka chaqirildi.

Qayd etildiki, mazkur oliy o‘quv yurtida ko‘proq jismoniy tarbiya va chet tillari yo‘nalishlarida o‘qishga qabul qilish, mashg‘ulotlar va baho olish jarayonlarida tamagirlik, poraxo‘rlik, korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. 2018 yilgi Davlat imtihonlariga kirish mavsumida 230 dan ortiq abituriyent DXX viloyat boshqarmasiga ijodiy (amaliy) va test topshiriqlaridan norozi bo‘lib shikoyat qilgan.

Shuningdek, ba’zi fakultetlarda axloqsiz domlalar tomonidan qizlarga tegajog‘lik qilish vaziyatlari bo‘yicha dalillar eslatildi.

Qolaversa, universitet huzuridagi O‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazida sobiq rektor va prorektorlar boshchiligidagi poraxo‘rlarga 6,5 yildan qamoq jazosi qo‘llanilgan.

NamDU rektori Ulug‘bek Inoyatov alohida ta’kidlaganidek, korrupsiyaning katta-kichigi bo‘lmaydi. Biz mas’uliyatli va halol pedagoglarni jamiyatga yetishtirib berishimiz kerak. “Sen menga, men senga tegma", deyish endi umuman yaramaydi!..

Ha, pora (pul, moddiy buyum, sovg‘a)ni olgan, bergan, unga vositachilik qilgan birdek javobgarligi qonunda belgilab qo‘yilgan. Axir, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Unutmaslik shart, gadoni gado qilgan bu sadaqa beruvchilardir. Hayotdan xafa, hamma narsadan noliydigan, “soqqa" yordamida ish bitiruvchi yoshlar ko‘payib ketishiga asosiy omil ham korrupsiya balosidir.

NamDU dotsenti, ma’naviyat targ‘ibotchisi, kuchli orator Baxtiyor Ishoqovning ta’sirchan nutqi barchani sergaklantirdi. Hayotiy misollar va so‘z qudrati asosidagi fikrlar yig‘ilganlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Domla “O‘g‘ri" hikoyasi (Abdulla Qahhor)dagi poraga ishora bilan bog‘liq jumlalarga e’tibor qaratdi. Bir ho‘kizning topilishi uchun uning narxiga teng pul va in’omlar amin, ellikboshi, tilmoch, pristav kabilarga tuhfa qilingani achinarli va kulgili, albatta. Demak, bu darajada sodda, ishonuvchan va galvars bo‘lmaslik zarur.

Yuqoridagi sarlavhamiz ham shu hikoyadan keltirildi.

Voizning jonli va qiziqarli ma’ruzasi katta qiziqish uyg‘otdi. Balki shuning uchundir, yomon illatni yo‘q qilishga yuksak ishonch paydo bo‘ldimi yoxud qandaydir tortinish kuzatildimi, ikkilandik.

Ya’ni ochiq muloqotning savol-javob qismiga “vaqt yetmadi" ham. Aniqrog‘i, negadir yigit-qizlar DXX vakillariga umuman savollar berishmadi. Yo hammasi tushunarli, yoki ...

Eh, darvoqe, “Ishonch telefonlari"ga qo‘ng‘iroq qilishar uchrashuvdan so‘ng, nima deysiz?!..

O‘sha kuniyoq mobil telefonimga savodligina, vijdoni uyg‘oq ikki yigit va bir qiz talaba quyidagi xabarlarni jo‘natishdi:

“Bu yilgi sessiya paxta yig‘im-terimiga jalb etilmaganimiz uchun har yilgidan ancha erta boshlandi. Biroq attestatsiya bo‘lganligi sababli darslar o‘z vaqtida va to‘liq o‘tilmadi. Yoshlar fanlarni yetarli darajada o‘rgana olmadi, natijada tanish vaziyatga - ikki tomonlama manfaatni himoya qilish yo‘liga olib bordi. Huquqiy ta’lim-tarbiyani yanada kuchaytirish darkor. I.M."

“Ta’lim tizimida yakuniy nazoratlarning ayrimlari “onlayn" tarzda olinmoqda. Bu albatta yaxshi, yomon tomoni shundaki, butun boshli rahbariyat kurashayotgan korrupsiyani oddiygina ATM (axborot texnologiyalari markazi) xodimlari yuzaga chiqarishmoqda. Vaholanki, axborot-resurs markazi mas’ullari shunchaki nazoratchilar va yordamchilar, xolos. J.A.»

“Mening ukam sport chempioni edi, amaliy imtihonga ataylab past ball qo‘yishgan, kuchini ko‘rsatolmaganlar esa o‘qishga kirgan. Ukam hozir ko‘cha bolasi bo‘lib yuribdi. M.Yu."

Manba: Namnews.uz