Oliy ta’lim – iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi kuch


O‘quv yili boshidan Kastmonu universiteti hovlisida Turkiyaning eng ommabop (mamlakat bo‘yicha 8 mingdan ortiq filiallari bor) supermarketlar tarmoqlaridan biri A101 filiali ochildi. Narxlar, tovarlar talabalarbop. 35 ming talaba tahsil oladigan universitet hovlisida filial ochish har tomonlama mantiqli ish.

Zotan Amerikadagi universitetlarda (MIT, Harvard, Jorj Vashington va boshqalarda) nafaqat supermarketu restorlar, yirik avtokompaniyalarning avtodo‘konlarini ko‘rgandim. Universitet kampuslari o‘rtasida doimiy avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan, Harvardda esa metro ham bor edi.

Aslida yuz minglab talaba o‘qiydigan universitetlarni katta bir shahar deyish mumkin va bu «shahar»larda «aholi» - talabalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lishi kerak. Bugun talabalarning paypoqlari bilan o‘ralashib yurgan ta’lim mutasaddilarimiz bu sohani rivojlantirish, «shaharlar» va «aholi» sonini oshirish, bu tizimni iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi chinakam dvigatelga aylantirish haqida o‘ylasalar bo‘lar edi.

Zero bir universitetda yuz ming talaba o‘qishi faqatgina kontraktlardan (o‘qishga kirish va baholash vaqtidagi poralar ham) hisobidan daromad olish degani emas. Hatto o‘qishni mutlaqo bepul, o‘qishga kirishni oson qilib qo‘ygan taqdirda ham milliardlar dollar daromad qilish mumkin. Chunki talaba – faqat o‘qimaydi, u yashash, ovqatlanish, ko‘ngil ochish, sayohat qilish uchun ham pul sarflaydi. Kiyim-kechak, daftar-qalam, elektronika mahsulotlari kabi boshqa ehtiyojlarga ham xarajat qiladi. Bu xarajatlar to‘planganda qanchalik katta pulga aylanishini, ular ortidan yana o‘ng minglab kishilar ishli, daromadli bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas.

Iqtisodiyot faqat chet eldan kirib kelayotgan investitsiya yoki eksport hisobiga rivojlanmaydi. Har bir investor bir so‘m olib kirib, ming so‘mni olib chiqib ketadi. Eksport ham tashqi bozorlarga qaramlikni keltirib chiqaradi. Eng avval milliy iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi dvigatellarni shakllantirish, pul aylanishini yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylash kerak. Bu borada oliy ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uni chinakam daromad manbaiga aylantirish mumkin.

Manba: sof.uz