Omadsizlikni yengib o‘tgan 18 ta muvaffaqiyatli inson


Hayot mo‘’jizalarga boy. Aks holda, oddiy, omadsiz bolalik sohiblaridan buyuk va yetakchi insonlar yetishib chiqmagan bo‘lar edi. Inson harakat qilsa, o‘ziga munosib umrga erisha oladi. Hayot bu yashash degani. Yashayotgan kishi esa o‘zgarishga tayyor turishi lozim. Quyida avvaliga omadsiz yoki bilimsiz, deb hisoblangan, ammo keyinchalik jamiyatning va jahonning nufuzli insonlariga aylangan shaxslarning hayotlaridan lavhalarni taqdim qilamiz.

Uinston Cherchill oltinchi sinfda “qolib ketgan". U avvaliga qancha urinmasin o‘zi xohlagan birorta ham siyosiy lavozimni egallay olmagan. Lekin keyinchalik sa’y-harakatlari evaziga 62 yoshida Buyuk Britaniyaning premer-ministri bo‘lishga erishgan.

Tomas Edisonga o‘qituvchilari har doim “sen ahmoqsan, biror narsani o‘rgana olmaysan" deyishardi va uni aqli zaiflikda ham ayblashgan. Ammo kun kelib Edison tengsiz ixtirochiga aylangan. Toma Edison elektr lampa yaratguniga qadar mingdan ortiq turdagi lampochkalarni ishlab chiqarib, sinovdan o‘tkazgan.


Harland Devid Sandersni KFC kompaniyasining ramzida ko‘p ko‘rganmiz. Bu chol bizni mazali qovurilgan jo‘ja yeyishga taklif qiladi. Harland Devid Sanders boshida o‘z jo‘jalarini hech kimga sota olmagan. Mingdan ortiq restorandan “jo‘na bu yerdan!" degan javobni olish biznesni endigina boshlagan tadbirkor uchun og‘irlik qiladi. Faqat bittagina restoran uning jo‘jalarini sotib olishga zo‘rg‘a rozi bo‘ldi. Mana shu uning omadining boshlanishi edi. Endi esa Sandersning surati KFC tarmog‘idagi hamma restoranlarning peshtoqini bezab turibdi.

Rouland Hyussey Meysi juda ko‘p marta biznesda pand yegan bo‘lsa ham, harakatdan to‘xtamagan. U avvaliga quruq mevalar sotish biznesini yo‘lga qo‘ygan. Keyin esa Nyu-Yorkka ko‘chgan. Uning bu shahardagi do‘koni qarzga botgan bo‘lsa ham, lekin Meysi tingani yo‘q va oxir-oqibat 1858 yilda dunyodagi eng yirik unimermaglardan biri Macy's do‘koniga asos solgan. Bu yirik do‘konlar tarmog‘i bugungacha ham o‘z nufuzini yo‘qotgan emas.


Stiven Spilberg Janubiy Kaliforniya kinofilm universitetiga kirishni doim orzu qilardi. Biroq 12 yoshida 8 daqiqali film yaratgan Stiven uch marta ketma-ket urinib ham bu o‘quv yurtiga kiraolmadi. Keyin hammasini tashlab, rejissyorlikka qo‘l urdi. Yetti marotaba Oskar olgan kino ijodkorining bugungi muvaffaqiyatlaridan o‘zingiz boxabarsiz.


Charli Chaplinning xatti-harakatlari rejissyor va film ijodkorlariga yoqmasdi. Ular Chaplin yorqin rol ijro etolmaydi, uni tomoshabinlar tushunmaydi, degan qarorga kelishdi. Oxiri “kel, bizdan nima ketdi, shu bechora bir urinib ko‘rsin," deb unga rol o‘ynashga ijozat berishdi. Qarabsizki, Chaplin Amerikada kinoyulduzga aylandi. Uni mensimagan kino ijodkorlari nomini esa ko‘plar esdan chiqarib yuborgan.


Merilin Monro afsonaviy aktrisa. Uning Columbia Pictures bilan birinchi shartnomasi bekor qilingan. Prodyusserlar unga aktrisa bo‘lish uchun chiroy va qobiliyat yetarli emasligini aytishgan. Monro xonim boshida g‘azablanib, bu sohani tark etishni ham reja qilgan. Lekin u so‘nggi qarorni qabul qilishga shoshmasdan qayta urinib ko‘ishdan to‘xtamaydi. Va oxir-oqibat Gollivudning yorqin yulduziga aylanadi.


Soichiro Honda ish izlab Toyota kompaniyasiga kelganida uni injenerlikka ishga olishmagan. Janob Honda ko‘p vaqt ishsiz yurgan. Shunday bekorchi kunlarning birida u mototsikl yasay boshlagan va ko‘p o‘tmasdan o‘zining firmasini ochgan. Bir fursat o‘tib, mehnat va mashaqqat bilan o‘tgan kunlar va tunlar evaziga Soichiro Honda muvaffaqiyatli milliarderga aylangan.


Uolt Disney gazetada ishlab yurganida muharrir uni ishdan haydab yuboradi. Muharrir unga tasavvurining rivojlanmagani, bu qobiliyat bilan hech qayerda ishlay olmasligini, bu kalladan faqat puch g‘oyalar chiqishini aytadi. Shundan so‘ng Disney bir nechta kompaniyalarga asos solib, biznesda o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘ladi. Ammo omadi kelmaydi. Keyin u “Qorqiz" multfilmini suratga oldi. Bu yo‘nalishdagi harakatlari unga olamshumul nufuz olib keladi. Natijada hozirgi bolalarning ko‘pchiligi uning kompaniyasi yaratgan filmlardan ilhomlanib ulg‘ayishmoqda.


Albert Eynshteynning bolaligi og‘ir o‘tgan. U to‘rt yoshga kirganidagina gapira boshlagan va yetti yoshida yozishni o‘rgangan. O‘qituvchilari unga nuqul tayinli odam bo‘la olmasligini, aqli pastligini aytib, xafa qilishgan. Lekin Eynshteynning o‘ziga xos dunyosi, fikrlash usuli bor edi. Kun kelib u fizika bo‘yicha Nobel mukofotini olganida uning o‘qituvchilari hayratga tushgan bo‘lsa, ajab emas.


Isaak Nyutonga oilaviy fermani boshqarish vazifasi topshirilgan ekan. Ammo baxtga qarshi, Isaak bu ishga kirishishidan boshlab mollar o‘lib, bog‘lar qurib, ferma bankrot bo‘la boshlabdi. Undan fermer chiqmasligini bilgan oila bo‘lajak olimni o‘qitishga ahd qilgan va shaharga jo‘natgan. Isaak Nyuton Kembrij universitetiga kirib, fizikani o‘zlashtira boshlagan. Olma esa uning boshiga anchadan keyin daraxt tagida dam olayotganida tushgan.


Sidni Puate, qora tanli ilk eng mashhur amerikalik aktyorga ilk marotaba kinosinovda ishtirok etganida unga nima deyishganini bilasizmi? “O‘zingizni ham, boshqalarni ham qiynamang, yaxshisi kosa-tovoq yuvishga yoki shunga o‘xshash biror ishga kirib oling" deb maslahat berishgan. U esa Oskar mukofotini oldi (Ancha vaqtdan keyin, albatta).


Opra Uinfrini televideniyedagi birinchi ishidan keyinoq bo‘shatib yuborishgan. Rahbarlari “Uning ko‘rinishi ekranga mos kelmaydi" degan hukm chiqarishgan. Lekin u bor kuchini ishga solib, tok-shou yulduzlaridan biriga aylandi. Shuning orqasidan milliarder bo‘lgani esa boshqa masala.


Doktor Syussning birinchi kitobini 27 ta nashriyot qabul qilmagan. Keyiroq u eng ommaviy bolalar yozuvchilaridan biriga aylandi.

Genri Fordning bolaligi u qadar ham havas qilarli o‘tmagan. Uning ota-onasi yoshligidayoq vafot etishgan va u qo‘shnilar qo‘lida voyaga yetgan. Genri Fordning birinchi avtomobil kompaniyasi bankrot bo‘lgan. Ikkinchisini o‘zi tashlab ketgan: sheriklari bilan kelishmay qolgan. Uchinchisida savdo past bo‘lgan. Ammo janob Genri bo‘sh kelmagan. Keyinroq u amerikalik tadbirkorlar orasida eng mashhurlaridan biriga aylangan.

Jeyms Dayson changyutgich yarataman, deb 15 yil urinib ko‘rgan. Ma’lumotlarga qaraganda, uning roppa-rosa 5126 marta yasagan changyutgichlarining sinovi muvaffaqiyatsiz yakun topgan. U mazkur ixtiroga borini sarflagan. Nihoyat, 5127 sinovda u o‘zi istaganidek bekami ko‘st changyutgichni yaratishga erishgan. Bugungi kunda AQShda aynan Dayson (Dyson) belgisi qo‘yilgan changyutgichlar eng ko‘p sotilar ekan.

Joan Rouling ismli nomi chiqmagan adibaning ishlari to‘satdan orqaga ketdi: oilasi o‘xshamadi, eri bilan ham ajrashdi. U qarzga botgan edi va nafaqa puliga yolg‘iz qizini boqardi. Keyin adiba qisqa fursatda bestsellerga aylangan Garri Potter haqidagi birinchi romanini yozdi. Hozir bu asar xalqaro darajada eng ko‘p sotiladigan kitoblar qatoridan joy olgan. Joiz bo‘lsa aytish mumkinki, Rouling xonim kitob yozib millarder bo‘lgan birinchi yozuvchi bo‘lsa kerak.

Stiven King Amerika va jahonning taniqli adiblaridan biri. Uning asarlari asosida yuzlab filmlar ishlangan. Adibni bugun tanimagan o‘quvchi bo‘lmasa kerak. Uning “Kerri" nomli birinchi romani avvaliga o‘ziga ham yoqmaydi va adib uni tashlab yuborgan. Ammo uning bedor tunlari va mashaqqatlariga guvoh xotini qo‘lyozmani topib olib, adibni asarni nashr qilishga ko‘ndirgan. Bugungacha Stiven Kingning 49 romani dunyoning turli tillarida 350 million nusxada chop etilgan.

Har kuni ijobiy nuqtai-nazar bilan yashash juda muhim. Muammolar haqida jar solish emas, ulardan xalos bo‘lish yo‘lini topish donolik. Yuqorida biz aytib o‘tgan insonlar kabi, hayotda muvaffaqiyatsizlikka uchrab, ammo intitilib baxtini, omadini topgan insonlar juda ko‘p. Hayot ba’zida aql bovar qilmas darajada fojeaga aylanadi. Nima bo‘lganda ham, mutoyibani unutmang. Oxir-oqibat so‘nggi tahlillar hech bo‘lmaganda kulishni unutmaganligingizdan darak beradi.

Manba: erkak.uz