OTM talabalarining malaka amaliyotini o‘tash tartibi takomillashtiriladi


Фото: УзА

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirining “Oliy ta`lim muassasalari talabalarining malaka amaliyotini o‘tash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida"gi buyrug‘i loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, malaka amaliyoti ta`lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklar) ishchi o‘quv rejalariga muvofiq 2-kursdan boshlab tizimli ravishda OTM tomonidan ishlab chiqiladigan hamda qabul qiluvchi tashkilot bilan kelishib tasdiqlanadigan malaka amaliyoti dasturi asosida amalga oshiriladi.

Oliy ta`lim muassasalari talabalari ish joylariga dastlabki taqsimlashni bitiruvchi kurs oxirida emas, balki mos ravishda ikkinchi va uchinchi kurslarda tahsil olayotgan davrda o‘tkazish va barcha turdagi amaliyotlarni ishga yo‘llanma oladigan korxona, tashkilot yoki muassasada o‘tashini yo‘lga qo‘yish tavsiya etiladi.

Malaka amaliyoti OTMning qabul qiluvchi tashkilotlar bilan belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalari asosida tashkil qilinadi.

OTM va qabul qiluvchi tashkilot malaka amaliyotini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha shartnomada shartnoma predmeti, taraflarning huquq va majburiyatlari, qabul qiluvchi tashkilotning ish faoliyati xususiyatlaridan kelib chiqqan holda malaka amaliyotini tashkil etish tartibini, shartnomaning amal qilish muddatini, shartnomani bekor qilish asoslarini, shuningdek taraflarning javobgarligini kelishib oladi.

Talabalar va malaka amaliyoti rahbarlarining faoliyatini tartibga soluvchi asosiy hujjat malaka amaliyoti dasturi hisoblanadi.

Malaka amaliyoti dasturi quyidagi asosiy bo‘limlardan tarkib topadi:

malaka amaliyotining maqsad va vazifalari;
malaka amaliyoti mazmuni;
malaka amaliyoti reja-jadvali;
malaka amaliyotini baholash mezoni;
malaka amaliyoti bo‘yicha hisobotga talablar.

OTMdan malaka amaliyoti rahbarining malaka amaliyotidagi o‘quv yuklamasi soatlari ishchi o‘quv rejada ko‘rsatilgan haftalar, talabalar guruhi va sonidan hamda qabul qiluvchi tashkilot joylashgan hududdan kelib chiqib aniqlanadi.

Talaba:

malaka amaliyotini o‘tash joyi, reja-jadvali, dasturi va tartibi bilan oldindan tanishish;
malaka amaliyotini o‘tkazish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirish;
malaka amaliyotini o‘tash yuzasidan zarur axborotlar olish;
malaka amaliyoti bo‘yicha uslubiy materiallar bilan tanishish hamda malaka amaliyoti rahbarlaridan yo‘l-yo‘riqlar olish huquqlariga ega.

Talabaga:

malaka amaliyoti reja-jadvali va dasturida nazarda tutilgan barcha topshiriqlarni belgilangan muddatlarda, to‘liq hajmda va sifatli bajarish;
malaka amaliyoti kundaligini har kuni va tartibli yuritish;
OTM va qabul qiluvchi tashkilotdan tayinlangan malaka amaliyoti rahbarlarining dasturda ko‘zda tutilgan ishlarga oid barcha topshiriqlarini bajarish;
hisobotga tegishli hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish;
qabul qiluvchi tashkilot xodimlari faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar va ichki mehnat tartib-qoidalariga rioya qilish majburiyatlari yuklatiladi.

Malaka amaliyoti uch bosqichga bo‘linadi:

tayyorlov bosqichi;
asosiy bosqich;
yakuniy bosqich.

Malaka amaliyotini o‘tash davrida talabaga ish haqi to‘lanishi belgilanganligidan qat`iy nazar, uning stipendiya olish huquqi saqlab qolinadi.

Manba: kun.uz