O‘zbekistonda Xalqaro ta'lim instituti tashkil etiladi


Mamlakatda Xalqaro ta'lim instituti tashkil etiladi. Bu haqda 2019 yil 23 avgust kuni Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o‘qituvchi mavqeini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonida aytilgan, deb yozmoqda kun.uz.

Qayd etilishicha, Xalq ta'limi vazirligi (Shermatov), Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (Majidov), Moliya vazirligi ikki oy muddatda pedagogika sohasida yuksak mahoratli, xalqaro tajriba va metodikalarni mukammal o‘zlashtirgan pedagoglarni tayyorlovchi Xalqaro ta'lim institutini tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga asoslangan taklif kiritadi.

Xalq ta'limi vazirligi (Shermatov), Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (Majidov) 2020 yil 1 yanvardan o‘quvchi-yoshlarda pedagogika kasbiga bo‘lgan qiziqishni oshirish va yoshlar seleksiyasini tashkil etish maqsadida har bir hududda bittadan umumiy o‘rta ta'lim maktablarida 10-11-sinf bazasida “Yosh pedagoglar sinfi"ni tashkil etib, ularning pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalari bilan samarali hamkorligini o‘rnatadi.

Bunda:

pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda zamonaviy pedagogikaning metodlari va uslublarini o‘rgatishga qaratilgan o‘quv dasturlari tayyorlanadi;

sinflarda oliy o‘quv yurtlarining pedagogika va metodika kafedralari professor-o‘qituvchilarining dars berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.