Oʻzbekistonda yangi harbiy institut tashkil etildi


Oʻzbekiston Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi qaroriga asosan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa sohasida yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, bu sohada harbiy-ilmiy tadqiqotlarni tashkillashtirish maqsadida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulteti Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti etib qayta tashkil etildi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur harbiy institut Mudofaa vazirligining davlat oliy harbiy taʼlim muassasasi boʻlib, u oltita yoʻnalish boʻyicha taktik boʻgʻindagi ofitser kadrlarni ikki yillik tayyorlashni amalga oshiradi:

- Aloqa qoʻshinlari taktik qoʻmondonlik-muhandisligi;

- Maxsus aloqa va davlat sirlarini muhofaza qilish taktik qoʻmondonlik-muhandisligi;

- Axborot tizimlari va texnologiyalari taktik qoʻmondonlik-muhandisligi;

- Radioelektron razvedka va kurash taktik qoʻmondonlik-muhandisligi;

- Havo hujumidan mudofaa radiotexnika qoʻshinlari taktik qoʻmondonlik-muhandisligi;

- Havo hujumidan mudofaa zenith-raketa qoʻshinlari taktik qoʻmondonlik-muhandisligi.

Shuningdek, yangi tashkil etilgan harbiy institut Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakultetining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnoma boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.