“Pediatriya ishi" yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro fakultet ochiladi


Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Tibbiy ta’limdagi islohotlar  sog‘liqni saqlash tizimini taraqqiy ettirishning muhim mezonlaridan biri" mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Avval xabar qilinganidek, tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari o‘qish muddatlari 7 yildan 6 yilga va “tibbiy profilaktika" yo‘nalishida 6 yildan 5 yilga qisqardi. Shuningdek, o‘quv rejalaridagi ijtimoiy-iqtisodiy fanlar bloki 23 foizdan 7 foizga qisqartirilib, klinikagacha va klinikaga oid fanlar uchun soatlar hajmi 55 foizdan 85 foizgacha oshirildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, davlat grantlari asosida bakalavriatura yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashning maqsadli qabul kvotalari bo‘yicha qabul yo‘lga qo‘yilgan. 2017 yilda 1180 ta, joriy yilda 1548 ta kvota shakllantirilgan. Maqsadli tayyorlanayotgan kadrlar 3 yildan 10 yilgacha muddatda tegishli hududlarda ishlab berishadi. Bundan tashqari, pensiyaga chiqqan mutaxassislarning ishga jalb etilishi, xorijdagi mutaxassislarimizning yurtimizga qaytib, faoliyat yuritayotgani va o‘quv yilining qisqarishi kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etishga yordam bermoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlar natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Sirdaryo viloyatlarida umumiy amaliyot shifokoriga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplangan. Qolgan hududlarning ham bu boradagi ehtiyoji 2019 yil bitiruvchilari hisobidan qoplanadi. Birlamchi tibbiyot muassasalaridagi tor mutaxassislar yetishmovchiligi klinik ordinatura, magistratura, qisqa muddatli qayta tayyorlov kurslari bitiruvchilari hisobiga 2020 yilgacha to‘liq bartaraf etiladi.

Joriy o‘quv yilida Toshkent davlat stomatologiya institutida Moskva davlat tibbiyot-stomatologiya universitetining “Stomatologiya" va Italiyaning Turin politexnika universitetining “Biotibbiyot muhandisligi" ta’lim yo‘nalishlari ochildi. 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab Janubiy Koreyaning Indje universiteti Ilsan gospitali bilan “Travmatologiya va ortopediya" magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma dastur asosida Toshkent pediatriya tibbiyot institutida  magistrlarni tayyorlash haqida kelishuv imzolangan. Shuningdek,  ushbu institutda “Pediatriya ishi" ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma dastur asosida halqaro fakultetda talabalarni tayyorlash yuzasidan Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti bilan ham kelishuv imzolangan. Besh yuzdan ziyod yosh mutaxassislar chet elda malaka oshirgan, 400ga yaqin xorijlik mutaxassis O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalarida mahorat darslarini o‘tgan.

Manba: xabar.uz