Sirtqi ta`lim bo`yicha hujjat topshirgan abituriyentlar va ularning ota-onalari diqqatiga!


2018/2019 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalarining kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki ta'lim shakllariga kirish test sinovlari amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq 1-15 avgust kunlari o‘tkazilishi belgilangan.

Jarayonlar ushbu tadbir uchun maxsus tayyorlangan, xususan, tadbirning barcha jarayonlari va bosqichlari muntazam videokuzatuvga olinishi ta'minlangan 57 ta binoda o‘tkazilmoqda.

Oliy ta'lim muassasalarining ushbu ta'lim shakllari bo‘yicha apellyatsiya shikoyatlari test sinovlari jarayonlari to‘liq yakunlangandan so‘ng – 20 avgustdan 30 avgustgachaqabul qilinadi (ketma-ket o‘n bir kun davomida).

Oliy ta'lim muassasalarining sirtqi ta'lim shaklida tahsil olish maqsadida hujjat topshirgan abituriyentlar uchun test sinovlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 17-18 avgust kunlari ayni kunlarda test sinovi o‘tkazilayotgan binolarda, Toshkent shahrida 17-20 avgust kunlari 6-, 7-, 8-, 9-, 11-binolarda o‘tkaziladi. Binolar manzillarini oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari vakillaridan yoki Davlat test markazining www.dtm.uz sayti orqali aniqlab olishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz: Guliston davlat universiteti, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali va Toshkent davlat agrar universitetining sirtqi ta'lim shakliga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun test sinovlari Toshkent shahridagi binolarda bo‘lib o‘tadi.

Unutmang! Sirtqi ta'lim shakli uchun o‘tkaziladigan test sinovlari ham amaldagi yangi tartibga muvofiq tashkil etiladi.


Manba: dtm.uz