Talaba soliq to‘laydimi?


Savol: Oliy ta’lim muassasasida o‘qib, stipendiya olayotgan yoki qaysidir tashkilotda yarim stavka ishlovchi talaba jami daromadi to‘g‘risida DSIga deklaratsiya topshirishi kerakmi?

Saida ZIKIROVA, Qarshi davlat universiteti magistranti

Javob: O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 24-dekabrdagi 508-sonli qonuni bilan 2019-yil 1-yanvardan kiritilgan o‘zgarishlarga asosan, Soliq kodeksining 189-moddasiga muvofiq deklaratsiya asosida soliq solinadigan daromadlarga O‘zbekiston Respublikasi rezidentlarining quyidagi daromadlari kiradi:

Mulkiy daromadlar, agar bu daromadlarga to‘lov manbayida soliq solinmagan bo‘lsa;

Fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida olingan daromadlar;

Asosiy bo‘lmagan ish joyidan olingan moddiy naf tarzidagi daromadlar;

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daro­madlar;

Soliq agentlari bo‘lmagan manbalardan olingan daromadlar.

Agar soliq to‘lovchining asosiy bo‘lmagan ish joyidan olingan daromadlaridan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i uning arizasiga ko‘ra ushlab qolingan bo‘lsa, daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etilmaydi, bundan ushbu modda birinchi qismining 5- va 6-xatboshlarida ko‘rsatilgan daromadlar mus­tasno.

O‘zbekiston Respublikasi rezidentiga aylangan chet ellik jismoniy shaxs ushbu kodeks­ning 192-moddasida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etadi.

Murojaatda qayd etilgan savol bo‘yicha stipendiyalar Soliq kodeksining 178-moddasi 2-bandiga asosan, jismoniy shaxslarning boshqa daromadlari tarkibida qayd etilgan.

Shuningdek, Soliq kodeksining 179-moddasi 23-bandiga asosan, qonun hujjatlarida davlat stipendiyalari uchun belgilangan miqdorlarda ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari tomonidan to‘lana­digan stipendiyalar jismoniy shaxs­larning soliq solinmaydigan daromad­lari tarkibiga kiritilgan.

Yuqoridagilarga asosan, jismoniy shaxs ta’lim muassasasidan stipendiya olib va bir vaqtning o‘zida soliq agenti mavjud boshqa joyda ishlab olgan daromadlari bo‘yicha jami yillik daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishi amaldagi soliq qonunchiligida nazarda tutilmagan.

Savolga Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher G‘ANIYEV javob berdi.

Ma'rifat gazetasi