Ta’lim, inqiroz va umid


Ta’lim hayot va mamot ekanligini men aytmasam ham hamma biladi, shu hayot-mamot masalamiz ahvoli qanday, ta’lim tizimida islohotlar qanday ketayapti, muammolarni qay yo‘l bilan bartaraf etish kerak? Shu haqda maktabning ichida yurib va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib ushbu fikrlar tug‘ildi. Ta’lim tizimida 14 yil ishlab, katta-kichik muammolarni va yutuqlarni ko‘rib bilgan odam sifatida ushbu maqolani yozishga haqliman deb o‘yladim.

Ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi muammolardan biri o‘qituvchilarning boshliqlari ko‘pligidir. O‘qituvchilar budjetdan tekin oylik oladi, deb fikrlaydigan rahbarlar ularni qishloq xo‘jaligi ishlariga, mahalla ishlariga, majburiy obunaga va, eng achinarlisi, ko‘cha tozalashga majbur qilayotgani televideniye tomonidan ham baralla aytilmoqda.

To‘g‘ri, sekin-asta bu munosabat yumshatilayotganini ham ko‘rib turibmiz, lekin baribir bu muammo mavjud ekan, buni muammo o‘laroq ko‘rmaydigan Xalq ta’limi vaziri: «O‘qituvchi faqat darsga kirib, ta’lim berishi kerak emas. Pedagog o‘z mahallasining faoli bo‘lishi joiz. Mahalla ahli va faollari o‘rtasida jamiyatdagi islohotlarni targ‘ib qilsin. Kerak bo‘lsa uyma-uy yurib, tushuntirishi lozim», — deb ta’kidlar ekan, o‘qituvchidan yaxshi kayfiyatda sifatli dars o‘t, deya talab qilishga haqqimiz yo‘q.

Keyingi muammo — qog‘ozbozlik va byurokratiya. Bilasizmi, bir gap aytmoqchiman, men har bir darsga ishlanma yozaman va, eng qizig‘i, darsda undan biron marta ham foydalanmayman, darsni falon-falon usullarda o‘taman deyman, lekin sinfxonaga kirdimmi, mavzuni istagan usulda bolalarning kayfiyatiga, o‘rtaga tashlagan savollariga qarab o‘taveraman. Shuning uchun dars ishlanmasi hech bo‘lmasa 10 yil pedagog bo‘lib ishlagan o‘qituvchi uchun shart emas deb o‘ylayman.

O‘qituvchi shuncha yil dars o‘tdimi, kitoblarning qaysi sahifasida qaysi mavzu borligini yoddan biladi. Unga har safar bir xil konspektni qayta-qayta yozdirmasdan, o‘z sohasi bo‘yicha o‘quvchilarga biron yangilik bera oladigan qo‘shimcha kitoblarni o‘qishiga vaqt beraylik. Agar ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lsa ingliz tilidagi kinolarni ko‘rsin, talaffuzini rostlasin.

Ensangizni qotirdimmi, paradoks eshitdingizmi, «aslida konspektdan ko‘ra keraksiz yuzlab qog‘ozu hisobotlarni kerak bo‘lsa uyiga olib ketib to‘ldirib yurgan bechora o‘qituvchini o‘sha qog‘ozlardan qutqara olmayapmizu, konspektlarni gapirishga nima bor?» deyapsizmi? Osilsang baland dorga osil deb men birato‘la ta’limda konspekt aslida keraksiz ekanligini isbotlamoqchiman, yillik, oylik yuklama hisobotlari, o‘z ustida ishlash daftari, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash rejalari, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan ishlash rejalari, metodik birlashma hujjatlari, fan oyligi hujjatlari haqida esa gapirishni lozim topmadim, hamma tushunib qo‘ya qolsin endi (hujjatlarning to‘liq ruyxati bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin).

Navbatdagi muammo — kadrlarning sifati. Istaymizmi-yo‘qmi, maktablarni shuncha ta’mirlab, zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlasak-da, ta’lim sifati o‘sayotganini ko‘rmayapmiz. Chunki ta’limdagi hal qiluvchi omil bo‘lgan pedagoglar ongini o‘zgartirganimiz yo‘q, tizimdagi juda ko‘plab mutaxassislarda sovuqqonlik va boqibeg‘amlik avj olib ketganki, mana shunday bir xil qolipga tushib, moslashib ketgan o‘qituvchilarni eng zamonaviy texnologiyalarni qo‘llab ham uyg‘ota olmayapmiz.

Buni o‘qituvchidan amaliy natija talab qilgan va bu natijani munosib rag‘batlantirgan holda bartaraf etish mumkin. Singapur ta’lim tizimi ham shu holdan 60-40 tizimi asosida osongina chiqib ketgan ekan. Ya’ni, o‘qituvchi yaxshi ishlamasa oyligining 60 foizi, yaxshi natijaga erishsa 100 foiz to‘lanar ekan.

Moddiy ahvol. Ta’lim tizimidagi eng murakkab muammomiz. Majburiy ijro byurosi tashkil qilindi, oyligi 2,5 million so‘m, harbiy sohalarda 3 million so‘mdan ortiq. Mana shu va shu kabi boshqa barcha sohalarga kadrlar yetishtirib beradigan ta’lim tizimi xodimlari nega 500 ming yoki bir million so‘m bilan kun kechirishga majbur? Moddiy tarafdan kamsuqum ustoz qanday qilib xotirjam dars bera oladi? O‘qituvchi uyidagi yetishmovchilikni o‘ylasinmi yoki ta’lim bersinmi? Maktablarda erkak o‘qituvchilarning kamayib ketganining bir sababi ham shunda emasmi?

Umid. Mana shunday muammolar girdobidagi ta’lim tizimida 23 yoshli, chet el (Angliya) diplomiga ega Alisher Sa’dullayev vazirning yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Nihoyat Prezidentimiz yoshlarga eng yuqori lavozim berib sinab ko‘rmoqda.

Men bu yigit bilan «Fasebook» orqali suhbatlashgach, Farg‘ona viloyatiga qilgan safari davomida birga yurdim. Uning ushbu muammolarga munosabatini ko‘rdim. Shunga amin bo‘ldimki, u qayerda uchrashuvlar tashkil qilsa muammolarni tan olmoqda, hech qanday balandparvoz gaplar bilan ovutishga harakat qilmayapti, o‘zining vakolatida bo‘lmagan yuqoridagi kamchiliklarni yo‘qotishga harakat qilmoqda, kuchi yetmayotganiga vijdoni qiynalayapti, o‘zi mas’ul bo‘lgan yo‘nalishni esa havas qilarli darajada uddalamoqda. Amalga oshirayotgan ishlari haqida «Facebook»dagi sahifasida har kuni muntazam yoritib bormoqda, xalq bilan real hayotda va ijtimoiy tarmoqda faol muloqot qilmoqda.

2017-yil so‘ngida lavozimga tayinlangan davr – 6 oyda amalga oshirgan ishlari haqida xalqqa hisobot taqdim qildi. Yangi yildan buyon esa har oyda ingliz tili o‘qituvchilari, psixologlar va yoshlar yetakchilari uchun alohida-alohida videokonferensiya tashkil etib, respublika miqyosida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha eng yaxshi takliflarni almashish mexanizmini yo‘lga qo‘ydi. Uchrashuvlarda yoshlar hayotiga o‘zgartishlar kiritamiz, bizning raqobatchilarimiz Toshkentdagi yoki Xorazmdagi emas, Yaponiya, Angliya yoki Amerikadagi yoshlardir, biz ularni aql-zakovatimiz bilan ortda qoldirishimiz shart deya yoshlarni ruhlantirmoqda. Birga yurgan ikki kun ichida kuniga 5 ta tumanning mingdan ortiq ustozlaru o‘quvchi-yoshlari bilan suhbatlashib ulgurdi.

U o‘zgarish qilishga intilayapti, lekin yolg‘izligi bilinib turibdi. Agar ta’lim tizimini rostan ham o‘zgartirish, yaxshilash niyatimiz bor ekan, muammolar girdobiga birgina Alisherni tashlab qo‘yib tomosha qilmaslik kerak deb o‘ylayman. Yoshlarga yuqori lavozim berib sinadik, mana bemalol ishonchimizni oqlamoqda, endi u kabi yoshlarni ta’lim tizimiga, uning yoniga butun bir jamoa qilib jalb etishimiz kerak. Shunda ular tom ma’noda Prezident jamoasi bo‘lar edi!


Manba: xabar.uz