Tarixda ilk marta Davlat test markazida press-tur o‘tkazildi (foto)


2019 yilning 17 dekabr kuni Davlat test markazi faoliyati tarixida ilk bor press-tur (ochiq sayohat) tashkil etildi. Unda teleradio va matbuot jurnalistlari, ommaviy axborot vositalarining boshqa vakillari qatnashdi, deb yozmoqda sof.uz.

Press-tur davomida jurnalistlar va blogerlar boshqarmalar, bo‘limlar faoliyati, shuningdek, mavsumiy maxsus yopiq rejim faoliyati bilan ochiq va batafsil tanishib chiqdilar hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob oldilar. Ularga xohlagan mavzuda yetarli darajada matnli, audio, foto va video materiallar tayyorlash imkoniyati yaratildi.


Davlat test markazi rahbari, texnika fanlari doktori, professor Majid Karimov ommaviy axborot vositalari vakillariga tashakkur izhor etib, jamiyatda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash borasidagi faoliyatlarida omad tiladi.

Davlat test markazi direktori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ushbu muassasaga bunday press-tur ilk marta tashkil etilayotgani, jurnalistlarga markaz xodimlari ham kirishi mumkin bo‘lmagan maxsus qo‘riqlanadigan bino va bo‘limlar bilan tanishib, foto va video olish mumkinligini ta’kidladi.

Ommaviy axborot vositalari vakillariga direktor o‘rinbosarlari Qahramon Haqberdiyev va Sherzod Botirov hamrohlik qildi.


Dastlab jurnalistlar chet tilini bilish bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladigan mini auditoriya bilan tanishishdi. U yerda test jarayonlarining qanday tashkil etilishi haqida tushuncha berildi.

Jurnalistlar markazda tashkil etilgan katta auditoriya bilan ham tanishdilar. Bu yerda 100 dan ortiq talabgorlar test topshirishlari mumkin. Auditoriya xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida videokameralar bilan jihozlangan.


Test texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasida test savollarini tuzish jarayoni ko‘rsatildi. Markazda 13 ta umumta’lim fanlaridan 140 nafar fan ekspertlari 120 000 dan ortiq test savollarini tuzishgan (2017 yilda 37000 ta).

2019 yildan Davlat test markazining fanlar bo‘yicha alohida to‘plamlari chop etilmoqda. To‘plamda mutaxassislar tavsiyalari, test savollari, javob varaqasi mavjud. Javoblarni onlayn tekshirish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan.


Kompyuter tahlili va axborotlashtirish boshqarmasida test sinovlarini abituriyetlar uchun yanada oson va qulaylashtirish maqsadida elektron hujjat topshirish imkoniyati yaratilgani namoyish etildi. Abituriyentning shaxsiy kabinetidagi imkoniyatlar, abituriyent ruxsatnomasini onlayn chiqarish, natijalarni ko‘rish tartibi bo‘lg‘usi talabalarning vaqti tejalishiga imkon beradi.

Test sinovlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish boshqarmasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-2020 o‘quv yilida OTMlarga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 1 066 926 nafar bo‘lib, shundan 979 521 nafari test topshirgan. Test jarayoniga 5248 nafar guruh nazoratchilari jalb etilgan. Respublika bo‘yicha jami 66 ta bino, 1189 ta guruh, 35670 ta o‘tirish o‘rnidan foydalanilgan.


2019 yilda ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni rekord darajasiga yetdi. 2018 yili — 814 952, 2017 yili — 729 304, 2010 yili esa 336 800 abituriyent hujjat topshirgan.

Maxsus qo‘riqlanadigan binoda test savollarini ishlab chiqish, uni chop etish va tayyorlash hamda natijalarni tekshiruv jarayoni jurnalistlar uchun qiziq bo‘ldi. OTMlarga imtihon mavsumida bu bo‘limlar xavfsizligi oshirilib, ishchilari kazarma rejimida ishlaydi. Ishchilar uchun ichkarida yotoqxona, oshxona, sport zallari tashkil etilgan. Har bir bo‘lim va maxsus xonalarga kirish barmoq izi va yuzni aniqlash orqali amalga oshiriladi. Ichkarida telefon, fleshka, fotoapparat, kamera, disk va boshqa yozuvchi moslamalardan foydalanish taqiqlanadi. Telefon signallari maxsus glushitellar yordamida tutib, binoga o‘tkazilmaydi.


Test sinovlarini chop etish va tekshirish xonalarining derazalari ham muhrlangan, xona markaziy ventilyasion tizim orqali havolantiriladi. Binoning har burchagida, shuningdek, kompyuterlar qarshisida videokameralar o‘rnatilgan. Har bir harakat ovoz bilan qayd etiladi va markaziy video kuzatuv orqali nazorat qilinadi.

Javob varaqalarini tekshirish bo‘limi ham zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlangan. Javob varaqalarini tekshirish va to‘g‘ri javoblarni avtomatik tarzda aniqlab, bazaga kiritish maxsus dastur asosida amalga oshiriladi. AQSh va Rossiya texnologiyasi asosida javob varaqalari skaner qilinadi. Ikkita texnologiya asosida tekshirilgan axborotlar bir-biriga mos kelgan taqdirdagina natijalar e’lon qilish uchun yuboriladi.


Bu yil amaliyotga tatbiq etilgan javoblar varaqasi rasmini ham DTM sayti orqali ko‘rish imkoniyati ko‘pchilikka qo‘l keldi. Mutaxassislarning aytishicha, bu yil atigi 4 abituriyent javoblar varaqasining aslini ko‘rishni talab qilgan.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari bo‘lim rahbarlari bilan suhbatlashib, kerakli savollariga javoblar olishdi.