Toshkent davlat agrar universiteti qoshida Konfutsiy instituti tashkil etiladi


Konfutsiy instituti davlat o‘quv muassasasi sanalib, Xitoy davlati universitetlari va boshqa davlatlardagi universitetlar hamkorligida tuziladi. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 500 dan ortiq “Konfutsiy institut"lari faoliyat yuritmoqda. Ularning maqsadi dunyoga Xitoy tilini va Konfutsiy falsafasini targ‘ib etishdan iborat.

Ammo aynan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida Konfutsiy instituti tashkil etilishi dunyo tajribasida bo‘lmagan va ilk bor Toshkent davlat agrar universiteti qoshida tashkil etiladigan bu institut ikki davlat oliy ta`lim muassasalari o‘rtasida qishloq xo‘jaligida ta`lim va ilm-fan sohasida yangi innovatsion texnologiyalarni yaratishga ko‘maklashadi. 

Konfutsiy institutini Toshkent davlat agrar universiteti qoshida tashkil etilishidan asosiy maqsad universitetning iqtidorli talabalari Xitoy universitetlarida qishloq xo‘jaligi sohasida ta`lim olishlari, professor-o‘qituvchi va talabalarni almashinuvini amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda amalga oshirishdan iborat bo‘ladi.

Ilmiy-tadqiqot hamkorlikni kengaytirish maqsadida joriy yilning yanvar oyida Shinjon Qishloq xo‘jaligi akademiyasi qoshidagi “Bog‘dorchilik" instituti rahbar xodimlari universitetga tashrif buyurdi. Tashrif davomida ikki tomonlama memorandum imzolandi va “O‘zbekiston sharoitida unabi yetishtirishda xitoy texnologiyalarini qo‘llash" mavzusi bo‘yicha loyihani 2018 yil aprel oyidan boshlab universitetning eksperimental-tajriba stansiyasida amalga oshirish rejalashtirildi.

Bundan tashqari, universitet olimlari Shinjon qishloq xo‘jaligi universiteti olimlari bilan joriy yilda yana ikkita yirik - “G‘o‘zani biologik himoya qilishda Xitoy texnologiyalarini qo‘llash" va “Stressga chidamli qishloq xo‘jaligi ekinlari genofondini yaratish" loyihalarini amalga oshirish rejalashtirildi. Ushbu loyihalar joriy yilda XXR Fan va Texnologiyalar ko‘mitasi va O‘zbekistonni Innovatsion rivojlantirish vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi va amalga oshiriladi.

Konfutsiy institutini Toshkent davlat agrar universiteti qoshida tashkil etish bo‘yicha muzokaralarni olib borish maqsadida universitetga 2 fevral kuni O‘zbekistonning XXR dagi favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Saidov tashrif buyurdi va universitet rektori, akademik Botirjon Sulaymonov bilan uchrashdi. Uchrashuvda Shinjon qishloq xo‘jaligi universiteti vakillari ham ishtiroq etishdi.

Uchrashuv davomida Konfutsiy institutini Toshkent davlat agrar universiteti qoshida tashkil etish va O‘zbekiston hamda XXR qishloq xo‘jaligi oliy ta`lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Manba: KUN.UZ