Vazirlik OTMlarga 5ta fandan imtihon olinishi bo‘yicha izoh berdi


«Oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi 2 bo‘limga ajratilib, birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun umumiy 3ta fan ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi, ikkinchi bo‘limga abituriyent tanlagan yo‘nalishga mos 2ta fan kiritilishi belgilangan.

17 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi mas'ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazirlik xodimlari bu yangilik yuzasidan munosabat bildirishdi.

«Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda DTM xodimlari 2019 yil Germaniyaning Berlin shahrida ushbu davlatning universitetlari, professional kollejlari va gimnaziyalarini o‘rgandi.

Bu mamlakatda abitur degan tizim mavjud bo‘lib, maktab bitiruvchilari 6tadan 8tagacha fandan, Turkiya tajribasi bo‘yicha esa 8tadan 10tagacha fandan imtihon topshirishadi», deya vazirlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Abduvali Xoliqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qayd etishicha, dunyo tajribasida ham xorijiy til sertifikati bilangina talaba bo‘lish imkoniyati berilishi faqat chet ellik talabalar uchun belgilab qo‘yilgan bo‘lib, bitta fan bilan talaba bo‘lish imkoniyati haqida noto‘g‘ri fikrga bormaslik zarur. Rivojlangan xorijiy davlatlarda ham maktab bitiruvchilari bir qancha fanlardan imtihon topshirib, shundan keyin attestatini olganda qaysi OTMlarga kira olishini bilib oladi.

Jurnalistlar tomonidan bildirilgan O‘zbekistonda ham maktab bitiruvchilari uchun alohida attestat imtihonlari mavjudligi, unda matematika, tarix, ona tilidan imtihon topshirgan bitiruvchini kirish imtihonida yana qayta shu fanlardan imtihon qilishning nima zarurati bor degan mazmundagi e'tiroziga vazirlik xodimlari izoh berdi.

«Bugungi kunda faqat maktabda qo‘yilgan yakuniy baholarni hisobga olib OTMga qabul qilishga biz qanchalik tayyormiz degan savolga ham javob topish zarur. Bundan 5-6 yil oldin kasb-hunar kollejiga maktabni qizil shahodatnoma bilan bitirgan yoshlar imtihonsiz qabul qilingan. O‘shanda ham holat qanaqa bo‘lganini ko‘pchilik yaxshi biladi.

DTM tomonidan 5ta fandan imtihon olinishi mexanizmining ishlab chiqilayotgani ham bosqichma-bosqich quyi bosqichni – maktablarni tayyorlab borish uchun. Bu tizim to‘g‘ridan-to‘g‘ri orqaga qaytarib qo‘ysa bo‘ladigan jarayon emas, chunki unda butun xalq ishtirok etadi», deya ta'kidladi Abduvali Xoliqov.

Uning qayd etishicha, qachonki mamlakatda butun ta'lim tizimi tayyor bo‘lsa, abituriyentning maktabni bitirish baholariga qarab, OTMga qabul qilish mexanizmiga o‘tilishi mumkin.

Matbuot anjumani davomida O‘zbekistonda ta'lim oluvchi xorijiy talabalarning OTMlardagi miqdori 15-20 foizga yetkazilishi haqida ham ma'lumot berildi.

«Bu qo‘shni davlatlar orasida O‘zbekiston oliy ta'limi salohiyatini yuqori darajaga olib chiqish va shu mamlakatlar fuqarolarining bizda o‘qishini tashkil etish bilan izohlanadi. Bunda OTMlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, auditoriyalarning talabga javob berishi kabilarga ham jiddiy e'tibor berish kerak bo‘ladi», - deya ma'lumot berdi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Abduvali Xoliqov mavzuga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda Koreya, Germaniya, Rossiyada asosiy xorijiy talabalar tahsil olayotgan bo‘lsa, 2030 yilgacha O‘zbekistonda ham xorijlik talabalar sonini ko‘paytirish maqsad qilingan. Bu xorijiy talabalar ulushini OTMlarda 15-20 foizga yetkazish bilan amalga oshiriladi.

«Xorijiy mamlakat fuqarolarining O‘zbekistonda ta'lim olishi bilan nafaqat ta'limga, balki boshqa sohalarga ham investitsiya kirib keladi», deya Abduvali Xoliqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 2018 yilda tahsil olgan 3 ming 243 nafar xorijlik talabaga salkam 400 million dollar qiymatidagi ta'lim xizmatlari eksport qilingan.