Yuridik universitetining talabalari o‘qishning so‘nggi bosqichini bevosita amaliyotda o‘tkazadilar


O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Milliy gvardiyaning Harbiy-texnik instituti va Toshkent davlat yuridik universitetining yuqori natijalar qayd etgan kursantlari (talabalari) o‘qishning so‘nggi bosqichini bevosita amaliyotda o‘tkazishlari mumkin.

Taʼlimning yakunlovchi bosqichiga qadar o‘tgan o‘quv yillari bo‘yicha o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 80 foiz va undan yuqori bo‘lgan kursantlar (talabalar) ro‘yxati oliy taʼlim muassasalari xususiyatlaridan kelib chiqqan holda amaliyot o‘tash organiga taqdim etiladi.

  1. Kursantlar (talabalar) amaliyoti ularning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha kasbiy malakasini shakllantirish va oshirish, kelgusida xizmat faoliyatiga tayyorlash maqsadida tashkil etiladi.
  2. Kursantlar (talabalar) amaliyotini o‘tkazish joyi va dasturi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oliy taʼlim muassasalarining xususiyatlari hamda nazariy tayyorgarlik darajasi inobatga olingan holda belgilanadi.
  3. Kursantlar (talabalar) amaliyot o‘tash davrida o‘quv rejasi bo‘yicha belgilangan malakaviy amaliyotni o‘tashdan ozod etiladi.
  4. Kursantlarning (talabalarning) amaliyot o‘tashi ularni oliy taʼlim muassasalaridagi taʼlim jarayoni doirasidagi majburiyatlardan ozod etmaydi va ular o‘quv jarayonida belgilangan nazorat turlarini to‘liq bajarib borishlari shart.
  5. Toshkent davlat yuridik universitetida yuqori natijalarga erishgan talabalar bevosita amaliyotga ularning xohish-istaklari inobatga olingan holda yuboriladi.
  6. Toshkent davlat yuridik universitetining yuqori natijalarga erishgan talabalarini o‘qishning yakuniy bosqichini bevosita amaliyotda o‘tkazish bo‘yicha ularning xohish-istaklarini aniqlash maqsadida suhbat tashkil qilinadi.