2018 yilda test sinovlari javobi ertasi kuniyoq e`lon qilinadi, ayrim oliygohlarda esa test o‘tkazilmaydi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida"gi Qarori e`lon qilindi. 

Respublika oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini takomillashtirish, yoshlarga zamonaviy talablar asosida ta’lim berish bugungi kunning asosiy masalalaridan biridir. Bu borada oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini adolatli, xolis va shaffof o‘tkazish orqali puxta bilimli yoshlarning o‘qishga qabul qilinishini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. 

Qarorda test sinovlari orqali oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda bir qator kamchiliklar mavjudligi qayd etilgan. Jumladan, so‘nggi yillarda test sinovlarini o‘tkazish tartib-qoidalari, test sinovlari natijalarini e`lon qilish va uni takomillashtirish borasidagi olib borilayotgan ishlar bugungi kun talablariga to‘liq javob bera olmayapti. Bu hol manfaatdor jamoatchilikning, ayniqsa, ota-onalarning test sinovlarini o‘tkazish jarayonlariga haqli ravishdagi e`tirozlarini keltirib chiqarmoqda.

Kirish test sinovlari topshiriqlari va uni o‘tkazish talablari qobiliyatli yoshlarni oliy ta’limga qabul qilish mezonlariga to‘la javob bermaydi.

Respublika oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlarini o‘tkazishning moddiy-texnik ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni ham butunlay qaytadan ko‘rib chiqish taqozo etilmoqda.

Qarorda kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan kirish test sinovlarini takomillashtirish, uning adolatli, xolis va shaffof o‘tkazilishini tashkil etish maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (DTM) ning oliy ta’lim [W58C-QTJ8-BVST] muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullangan:

  • 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkazish; 
  • kirish test sinovlari natijalarini test o‘tkazilgan kunning ertasiga DTMning rasmiy veb-saytida e`lon qilish; 
  • abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san`at, dizayn, tasviriy va amaliy san`at, san`atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilishni kirish test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshirish. 

Qarorga ko‘ra, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari Toshkent shahrida “O‘zekspomarkaz" Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlari hamda uning hududida o‘rnatiladigan qo‘shimcha yig‘ma pavilonlarda, shuningdek, katta sig‘imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlaridagi Olimpiya zaxiralari kollejlari yoki boshqa tashkilotlarning katta sig‘imdagi binolarida o‘tkazilishi, test jarayonining maksimal darajada oshkora va shaffofligini ta’minlanib, videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, shu jumladan abituriyentlar ota-onalarining kirish test sinovlarini onlayn rejimida kuzatib borishlariga imkoniyat yaratiladi.