38 ta xususiy OTMga litsenziya berishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan


Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan nodavlat oliy taʼlim muassasalari tashkil etish faoliyatini litsenziyalash bilan bog‘liq korrupsiyaviy xavf-xatarlar tahlil qilindi. 

Tahlillar davomida ushbu yo‘nalishda masʼul tashkilotlar tomonidan belgilangan vazifalar samarali amalga oshirilmayotgani, normativ-huquqiy bo‘shliqlar va boshqa korrupsiyaviy xavf-xatarlarga moyil bo‘lgan holatlar mavjudligi aniqlandi.

Jumladan, 2022-yil va 2023-yilning o‘tgan davri davomida faoliyati litsenziyalangan 65 ta nodavlat oliy taʼlim muassasalaridan 38 tasiga litsenziya berishda 82 ta holatda turli kamchilik va qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Xususan, 22 ta holatda talabgorlarga davlat yong‘in nazorati va sanitariya-epidemiologiya xizmati organlarining tegishli xulosalari olinmagan holda litsenziya berilgan.

Shuningdek, nodavlat taʼlim xizmatlarini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan talabgorlar tomonidan qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq elektron tizimga o‘quv reja va fan dasturlari to‘liq yuklanmagan yoki umuman yuklanmagan bo‘lsa-da, ularga litsenziyalar berib kelingan.

Tahlil yakunlari bo‘yicha Agentlik tomonidan nodavlat oliy taʼlim muassasalarini tashkil etish faoliyatini litsenziyalash sohasida mavjud korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati