Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi tarixi haqida nimalarni bilasiz?


Qadimdan Buxoro o‘zining ko‘plab madrasalari bilan nom taratgan. U turli yerlardan ilm tahsili uchun talabalar tashrif buyuradigan shahar hisoblangan. Narshaxiyning fikricha, 937 yilgi yong‘indan zarar ko‘rgan “Forjak" madrasasi Markaziy Osiyodagi dastlabki madrasalardan sanalgan. Abu Hafs Kabir Buxoriy ham Buxoroda ilmiy va diniy bilimlar rivojiga katta hissa qo‘shgan madrasaga asos solgan. O‘rta asrlarda Buxoro madrasalari ilm maskani sifatida nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Sharqda ham mashhur edi. Amir Temur va temuriylar davrida madrasalar oliy maʼlumot beruvchi markaz vazifasini o‘tagan. 

Muhammad Ali Baljuvoniyning maʼlumotiga ko‘ra, XX asrning boshlariga kelib, Buxoroda madrasalar soni 400 ga yaqin bo‘lgan. Madrasalar asosan xon, amaldor, badavlat kishilar va ziyoli shaxslarning tashabbusi bilan barpo etilib, nomi o‘sha shaxslar ismi, baʼzan madrasa joylashgan mahalla, guzar nomi bilan atalgan.

Shunday madrasalardan biri Miri Arab madrasasi hisoblanib, uni 1530-1536 yillarda Buxoro xoni, mumtoz shoir Ubaydullaxon (1510-1539/40 yillarda hukmronlik qilgan) inʼom etgan mablag‘ hamda ko‘plab vaqf mulklari hisobiga Shayx Abdulloh (Miri Arab) qurdirgan. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivida saqlanayotgan I-323-jamg‘armadagi vaqf hujjatida ham 1527 yil madrasa uchun ajratilgan ko‘p sonli dehqonchilik yer maydonlari, butun qishloqlar va boshqa mol-mulklar birma-bir sanab berilgan.

Miri Arab madrasa qurilishini nihoyasiga yetkaza olmay, 1536 yil boshida vafot etadi. Vasiyatiga ko‘ra kuyovi Shayx Zakariyo qurilishni oxiriga yetkazgan. Shu tariqa madrasa oliy o‘quv dargohi sifatida mudarris, olim, adabiyotchi, amaldor, elchi, harbiy, imom, siyosiy arbob va hatto maʼrifatparvarlarni yetishtiradigan oliy o‘quv yurtiga aylanib borgan. Sadri Ziyo(1865-1932 yy.)ning maʼlumotiga ko‘ra, Shohmurod Miri Arab madrasasining bitta hujrasida kecha-kunduz riyozat chekib ilm olish bilan shug‘ullangan va xalq orasida “Amir Jannatmakon" laqabi bilan tanilgan. Amir Haydar ham shu yerda tahsil olgan.

Amir Shohmurod madrasa talabalariga soliqlardan tushgan daromad hisobidan nafaqa (stipendiya) to‘lashni joriy etgan.

Shuni ham qayd etish lozimki, madrasalarning moliyaviy xarajati vaqf daromadi hamda davlat xazinasidan ajratilgan qo‘shimcha mablag‘ hisobiga qoplangan, har bir madrasaning o‘z vaqf mulki va vaqfnoma hujjati bo‘lgan. Vaqfnomada madrasaning chiqimi, undagi xizmatchilar: mutavalli, mudarris, hofiz, muhri, naqib, farrosh, oshpaz va boshqalar, shuningdek, talabalar soni, ularga berilgan maosh va nafaqalar aniq ko‘rsatilgan. Har bir madrasaning xon tomonidan tayinlangan o‘z mutavallisi bo‘lgan. Mutavalli xodim va talabalarga to‘lanadigan haq, vaqf yerlarida ishni tashkil etish, mardikorlar yollash, ijarachilar va hissadorlar bilan shartnoma tuzish, do‘konlar, tegirmonlar va madrasaning vaqf mulkiga kiruvchi boshqa obyektlardan ijara haqini undirish va undan boshqa ishlarga masʼul bo‘lgan. Shuningdek, madrasa xizmatchilari, mudarrislari va talabalarga beriladigan yillik maosh miqdori naqd pul va ozuqalik don hisobidan ajratilgan.

Mutavalliga madrasadagi xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar (o‘qituvchi- mudarrislardan tashqari) faoliyatini, ayrim hollarda esa talabalarning darsga qatnashish davomatlarini nazorat qilib turish yuklangan. Uning lavozimi otadan bolaga meros tariqasida o‘tishi yo‘lga qo‘yilgan. Vaqf daromadlari madrasa talabalari, mudarrislar, mutavalli va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar o‘rtasida shariat ko‘rsatmalari asosida taqsimlangan.

Madrasadagi talabalar soni va ularning o‘qish muddati madrasa daromadiga bog‘liq bo‘lib, daromadga qarab madrasa xodimlarining soni ham belgilangan.

O‘quv yili oxirida talabalar o‘tilgan fanlar yuzasidan bevosita ota-onalar ishtirokida imtihon topshirgan. Madrasani muvaffaqiyatli tamomlagan talabalarga shahodatnoma – diplom berilgan. Hatto aʼlo baholarda o‘qigan talabalar amir tomonidan turli sovg‘a va naqd pul mukofoti bilan taqdirlangan. Masalan, qo‘shrabotlik talaba Kamoliddin Miri Arab madrasasini aʼlo baholar bilan yakunlagach, unga amir Abdulahad sarupo kiygizib, “Qurʼoni karim" va “Al-Jomeʼ as-sahih"kitoblarini sovg‘a qilib saroyda ishlashga taklif etgan.

Miri Arab madrasasida uzoq yillar davomida tahsil olib, bosh mudarrislik lavozimigacha ko‘tarilgan Ahmadxon ibn Ismoilxon ham amirning buyrug‘iga binoan dahyak olgan. Bundan tashqari, O‘zR MDAdagi “Qushbegi fondi"da yuz nafar aʼlo bahoga o‘qiydigan talabalarni taqdirlash uchun muftining amirga yozgan arizasi saqlanmoqda.

Fond hujjatlari bilan tanishganda amir “ziyoratchilari"ning ro‘yxatlari ham saqlanishi aniqlandi. Ushbu hujjatlar Sadriddin Ayniyning: “Miri Arab madrasasidagi “ziyoratchi" talabalar madrasada yashab, har kuni tongda amir saroyidagi “Mehmonxonai Rahimxoniy"ga o‘tirib Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) haqlariga salavot va duolar o‘qib qaytganlar. Ular davlatdan har oy 30 tanga maosh olishgan. Bundan tashqari, har kun bitta non va mayiz olishgan", degan fikrini isbotlaydi.

Madrasaga asosan maktabni tugatganlar qabul qilingan. Talabalar yoshi 10 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan. E.K.Meyendorf, N.P.Ostroumov, N.V.Xanikov, P.I.Demezon, T.M.Aminov, V.L.Benin, D.N.Logofetlar tadqiqotlarida madrasada taʼlim 10 yildan 30 yilgacha bo‘lishi va darslarda qaysi fanlar o‘qitilishi haqida batafsil maʼlumot berilgan.

Talabalar madrasaga imtihon asosida qabul qilingan. Ular bilim darajasiga qarab uch guruhga bo‘lingan. Aʼlo (oliy), avsat (o‘rta) va adno (quyi). Ular madrasa yotoqxonalarida yashash huquqiga ega bo‘lgan.

Sadriddin Ayniyning yozishicha, madrasada haftada to‘rt kunlik tahsil joriy etilgan. Yaʼni, yakshanbadan chorshanbagacha. Payshanba, juma, shanba kunlari dam olish kunlari hisoblangan. Odatda mashg‘ulotlar sentyabrda boshlanib, mart oyigacha davom etgan. Yoz oylari va ramazon oyida taʼtilga chiqilgan.

Darslar bomdod namozidan keyin boshlangan. Dars ertalab soat 4:00 dan 10:00 gacha davom etgan. 12:00 da tushlik, so‘ngra bahs-munozara. 16:00 dan 18:00 gacha dam olingan. Kechki ovqatdan so‘ng yana tungacha bahs-munozara davom etgan. Talabalar o‘quv kursiga qarab emas, balki qaysi kitobni o‘qiyotganligiga qarab jamoa-guruhlarga ajratilgan. Jamoa-guruh soni talabalar miqdori va madrasa qamroviga qarab belgilangan. Katta madrasalarda har bir guruhda 5-10 nafardan 20 nafargacha talaba tahsil olgan.

O‘quv dasturlari uch qismga bo‘lib o‘rgatilgan: diniy adabiyotlar, umumtaʼlim fanlar va maxsus pedagogik fanlar. Madrasaning o‘quv kursi, odatda, “Avvali ilm" deb nomlangan fors tilidagi o‘quv qo‘llanmasini o‘zlashtirish bilan boshlangan. Madrasalarda to‘liq kursni o‘qib tugatish uchun talabalardan falsafa va huquq fanlariga oid taxminan 137 ta darslik-qo‘llanmani o‘zlashtirish talab etilgan. Bu darsliklarning aksariyatini Markaziy Osiyolik allomalarning asarlari, jumladan, Imom Buxoriy va Iso Termiziylarning hadis to‘plamlari, Abu Mansur Moturidiyning “Kitob at-tavhid", Burhoniddin Marg‘inoniyning “Al-hidoya fi sharh al-bidoya", Umar Qazviniyning “Ar-risola ash-shamsiya fil qavoid al-mantiqiyya", Abdurahmon Jomiyning “Al-favoid ad-diyoiya", Mahmud ibn Ahmad Mahbubiyning “Viqoyat ar-rivoya fi masoilil Hidoya", Ubaydulloh ibn Masʼud Mahbubiyning “An-nuqoya" kabi asarlari tashkil etgan.

Bundan tashqari, talabalar qiziqishlari va mudarrislarning salohiyati hamda mavjudligiga qarab, handasa, tibbiyot, kimyo, jo‘g‘rofiya, tarix, adabiyot, aruz ilmi, meʼmorchilik (arxitektura) asoslari, xattotlik, musiqa, matematika, mantiq, astronomiya, arab adabiyoti, etika, notiqlik sanʼati va gigiyena kabi fanlardan ham bilim olishgan. Masalan, Miri Arab madrasasida tahsil olib, shu yerda tib ilmidan saboq bergan olim Ahmadxon ibn Ismoilxon ham dorishunoslikka oid “Qarabodin Tayloqiy" va shogirdi Abul Baqo Maxzum ibn domlo Ernazar mudarris “Hujjatu-l-labib" nomli asarlarini taʼlif etishgan. “Qarabodin Tayloqiy" nomli risolada Miri Arab madrasasida ikkita hujra aynan bemor davolashga ajratilgani, unda muallif – Ahmadxon ibn Ismoilxon bemorlarni davolagani yozilgan. Bu haqda “Buxoro madrasalari tarixidan: Ahmadxon ibn Ismoilxon merosi" nomli kitobda to‘liq maʼlumot berganmiz.

Afsuski, sho‘rolar davriga kelib, 1920-1930 yillarda “madaniy inqilobchilar" tomonidan madrasalarning ko‘pchiligi buzib tashlandi. Omon qolgan ayrim maktab va madrasalar birin-ketin yopila boshladi. Vaqf mulklari madrasalar tasarrufidan olinib, ularning faoliyatiga nuqta qo‘yildi. Keyinchalik, yaʼni XX asrning 40 yillaridagi siyosiy vaziyat tufayli ichki siyosatda dinga nisbatan baʼzi yengilliklar berishga harakat qilindi. Buning natijasida 1945 yil 10 oktyabrda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi qoshida diniy madrasa ochilishiga ruxsat berildi. Yuqoridagi buyruq asosida 1945 yil 29 noyabrda Diniy boshqarma ixtiyoriga ikkita diniy muassasa ochilishiga ruxsat berilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilinib, Toshkent shahridagi Baroqxon va Buxoro shahridagi sobiq Miri Arab madrasasi faoliyatiga ruxsat berildi. Miri Arab madrasasi 1946 yilda 30 ta talaba bilan, Baroqxon madrasasi esa 1956 yildan o‘z faoliyatini boshladi. Bu ilm maskanidan islom dini ravnaqiga sezilarli hissa qo‘shgan mashhur ulamolar yetishib chiqqan. Ular orasida rossiyalik Ravil Gaynutdin, boshqirdistonlik Talgat Tojuddin, chechenistonlik Ahmad Qodirov, ozarbayjonlik Olloshukur Poshshozoda, qirg‘izistonlik Kimsanboy Abdurahmonov hamda turkmanistonlik Nasrulloxon Ibodulloyev kabilar ilm olganlar.

Shuningdek, bilim yurtini ochilishiga sababchi bo‘lgan muftiy Eshon Boboxon, muftiy Eshon Ziyovuddinxon va zamonamizning taniqli ulamolari Abdulg‘ani Abdullayev, Muxtorjon Abdullayev, Yusufxon Shokirov, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Fozil qori Sobirov, Rahmatulla qori Obidov, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon Alimov, Abdulg‘afur Razzoqov va respublikamizdagi imom-xatiblarning aksariyati ham madrasaning faxriy talabalaridan bo‘lganlar.

Hozirgi kunga kelib Miri Arab madrasasida 4 yil davomida diniy fanlar bilan bir qatorda umumtaʼlim fanlari ham o‘qitiladi. Bilim yurtida 30 nafar maʼlumoti oliy va malakali o‘qituvchi-mudarrislar 130 ga yaqin talabalarga dars berib kelmoqdalar. Madrasada talabalarning ilm olish va yashashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

 Bilim yurti talabalari kompyuter xonasi, fan kabinetlari va madrasa kutubxonasida saqlanayotgan qadimiy boy madaniy va maʼnaviy merosimiz hisoblangan qo‘lyozma va toshbosma kitoblardan foydalanadilar. Uzoq tuman va boshqa viloyatlardan kelgan talabalar yotoqxona bilan taʼminlangan.

 Madrasani bitirganlarga islomshunos, imom-xatib va arab tili o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha shahodatnoma beriladi. O‘z ilm saviyasini oshirishni istagan talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori (2003 yil 22 avgust)ga asosan davlat oliy taʼlim tizimida o‘qishni davom ettirish huquqi berilgan.

Lobar Asrorova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Manbalar xazinasi katta ilmiy xodimi,

 tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)