Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga o‘qishga qanday qabul qilinadi?


Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 26 sentyabrdagi 767-son qarori bilan "O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom" tasdiqlandi.

IIV akademik litseylariga maktablarning 9-sinfini tamomlaganligi to‘g‘risida shahodatnomaga ega bo‘lgan, sog‘lig‘i jihatidan o‘qishga yaroqli deb topilgan, dastlabki, maxsus-professional tanlov va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar o‘qishga qabul qilinadi.

Dastlabki tanlov

Dastlabki tanlov quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • nomzodga tegishli hujjatlar va uni tavsiflovchi ma’lumotlarni o‘rganish;
  • harbiy-tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tkazish;
  • nomzodning individual-psixologik xususiyatlarini o‘rganish;
  • yakka tartibdagi dastlabki suhbat o‘tkazish.

Dastlabki tanlovda ishtirok etish uchun nomzod quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • hududiy ichki ishlar organining rahbari nomiga ariza;
  • so‘rovnoma;
  • o‘qish joyi va mahalla fuqarolar yig‘inidan tavsifnoma;
  • tarjimai hol;
  • tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki pasport nusxasi, mudofaa ishlari bo‘limlarida ro‘yxatda turishi to‘g‘risidagi ma’lumotnomaning nusxasi;
  • fanlarni o‘zlashtirishi to‘g‘risida o‘qish joyidan ma’lumotnoma;
  • 3 x 4 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz va burchaksiz) hamda 9 x 12 sm o‘lchamdagi 2 ta fotosurat (bosh kiyimsiz).

Dastlabki tanlov natijalariga ko‘ra IIV akademik litseyiga kirishga tavsiya etilmagan nomzodlar maxsus-professional tanlovga qo‘yilmaydi. Hujjatda nomzodlarga rad javobi beriladigan hollar sanab o‘tilgan.

Maxsus-professional tanlov

Maxsus-professional tanlov quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • nomzodning orfografik va punktuatsion savodxonlik darajasi aniqlash;
  • nomzodning umumjismoniy tayyorgarligini aniqlash;
  • yakka tartibdagi yakuniy suhbat o‘tkazish.

Maxsus-professional tanlov natijalariga ko‘ra nomzodlarni test sinovlarini topshirishga qo‘yish masalasi hal etiladi.

Test sinovlari

Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi belgilagan muddatlarda o‘tkaziladi.

IIV akademik litseylariga dastlabki va maxsus-professional tanlov natijalariga javob beradigan quyidagi nomzodlar test sinovlarisiz imtiyoz asosida qabul qilinadi:

  • xalqaro fan olimpiadalari va fan olimpiadalarining respublika [RRMU-RP4K-F2JE] bosqichi, shuningdek Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari;
  • o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari.

Shuningdek, IIV ixtisoslashgan maktab-internatining dastlabki tanlov natijalariga javob beradigan bitiruvchilari maxsus-professional tanlov va test sinovlarisiz imtiyoz asosida qabul qilinadi.

IIV akademik litseylariga qabul kvotalari, nomzodlarning o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi arizalarni topshirish muddatlari va qabul komissiyasiga taqdim etiladigan zarur hujjatlar ro‘yxati IIV tomonidan belgilanadi.


Manba: norma.uz