Imtiyozi bor abituriyentlarning kirgan yoki kirmaganini qanday aniqlasa bo‘ladi?


Afsuski buni hozir o‘zingiz aniqlay olmaysiz. Sababi mandat.uzbmb.uz saytida abituriyentlarning qanday imtiyozga ega ekanligi ko‘rsatilmaydi (umumiy maʼlumotdan tashqari).

Masalan, hozir umumiy ro‘yxatga qarab qaysi abituriyentga xotin-qizlar yoki harbiy xizmat tavsiyanoma berilganini, qaysi abituriyentda nogironligi borligini yoki kim harbiyning farzandi ekanligini bila olmaysiz. Buni bilgan taqdiringizda ham qo‘lda hisoblash chiqish imkonsiz, buning uchun yuz minglab abituriyentlarning shaxsiy sahifasini ochib chiqishingizga to‘g‘ri kelardi.

O‘zi aynan mana shu imtiyozlilar tufayli har yili mandat kechikib ketadi. Chunki har bir imtiyoz bo‘yicha alohida hisoblab, bittalab tekshirib, ularni umumiy ro‘yxatdan chiqarib, mandatni tasdiqlaguncha ko‘p vaqt o‘tib ketadi.

Qani edi, berilgan 40 dan oshiq imtiyozlarni bir inventarizatsiya qilib, faqat sanoqligina ijtimoiy adolatlisini qoldirib, qolgan hammasini bekor qilib tashlashsa, zo‘r bo‘lardi-ya. Lekin hali-beri bunaqa bo‘lmasa kerak, imtiyoz qo‘shilsa, qo‘shiladiki, kamayishi dargumon.