Kelgusi yildan pedagog kadrlarni tayyorlash to‘liq davlat grantiga o‘tkaziladi – Prezident


Kelgusi o‘quv yilidan bakalavr pedagog kadrlar tayyorlash to‘liq davlat grantiga o‘tkaziladi. Bu haqda Prezident Mirziyoyev sirdaryoliklar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.

«Pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarni alohida yondashuv asosida rivojlantiramiz.

Kelgusi o‘quv yilidan bakalavr pedagog kadrlar tayyorlashni to‘liq davlat grantiga o‘tkazamiz. Magistraturada esa, kvotalar 2 karra oshirilib, to‘liq davlat hisobidan bo‘ladi.

Kadrlar yetishmaydigan, ta’lim sifati og‘ir maktablar oldindan tanlanib, ular uchun maqsadli davlat buyurtmasi joriy qilinadi. Bunda, buyurtma asosida o‘qishni tamomlagan yoshlarga, ushbu maktablarda borib ishlashlari uchun jozibador rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yamiz», – deydi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev bundan ko‘zlangan maqsad 2030-yilga borib bog‘cha tarbiyachisi ham, maktab o‘qituvchisi ham – barchasi oliy ma’lumotli bo‘lishiga erishish ekanini ta’kidlagan.