Maktablarda o‘qish 12 yillik bo‘ladimi?


Bugun, 1 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab maktab ta’limi davomiyligi 12 yilga uzaytirilishi haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ ushbu ma’lumotga aniqlik kiritish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmatining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Laylo Rustamova bilan bog‘landi.

Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, boshlang‘ich va tayanch o‘rta ta’lim maktablarida fanlarni “a’lo" bahoga o‘zlashtirgan o‘quvchilar alohida ixtisoslashtirilgan kasbga o‘rgatish maqsadida 12-sinfga o‘tkazilib, ushbu sinfni tugatganlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlarining tanlagan kasb sohasi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining 2-bosqichiga qabul qilinishi mumkinligi aytilmoqda.

Biz bu ma’lumotlar qanchalik rostligi va qanday asosga ko‘ra internetga sizdirilayotgani haqida Rustamovadan so‘raganimizda:

“Bu kabi xabarlar yolg‘on, ular hech qanday asosga ega emas", deb javob berdi.

Aytish joizki, yolg‘on axborot tarqatish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.