O‘qishga kirish test sinovlarida qator yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda


2019/20 o‘quv yili qabulida ham 2018 yildagi tajribani davom ettirgan holda test sinovlari jarayonida imkoniyatlarni yaratish maqsadida bir qator takliflar qaror loyihasiga kiritilmoqda, deb bayonot berdi Davlat test markazi rahbari Majid Karimov.

Kun.uz muxbirining ma'lumotiga ko‘ra, abituriyentlar va ularning ota-onalari tomonidan ortiqcha ovoragarchiliklar va xarajatlarni oldini olish maqsadida ularning yashab turgan manzilida Davlat xizmatlari markazlari orqali ro‘yxatga olish, abituriyent tomonidan tanlanayotgan ta'lim muassasasining joylashgan hududidan qat'i nazar, o‘zi yashab turgan hududda test sinovlarinida ishtirok etishi qaror loyihasiga kiritildi.

«Shuningdek, abituriyentlarning o‘qishga kirish imkoniyatini yanada oshirish maqsadida ularga bir vaqtning o‘zida uchta bakalavriat ta'lim yo‘nalishini tanlash huquqi berilmoqda. Bundan tashqari, ularga amal qilish muddati uch yil bo‘lgan sertifikat beriladi. Sertifikatdan ular uch yil davomida oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun foydalanishi mumkin», – deydi DTM rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 2018/19 o‘quv yilida Toshkent davlat yuridik universitetiga kirish davlat imtihonlari uchun hujjatlar sinov tariqasida respublikaning barcha tumanlaridagi Davlat xizmatlari markazlarida qabul qilinishi yo‘lga qo‘yilgandi.