Oʻzbekistonda Sechenova universiteti filiali ochiladi


2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekistonda I.M.Sechenova nomidagi Moskva davlat tibbiyot universitetining filialini ochish koʻzda tutilmoqda. Bu masalani Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova muhokama qildi, deyiladi SSV xabarida.

Bu borada qoʻshma fakultetlarni tashkil etish, bakalavriat, magistrlik va klinik ordinaturada taʼlim dasturlarini tayyorlash borasida shartnomalar tuzildi.

Shuningdek, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamkorligida “Pediatriya ishi" va “Davolash ishi" taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma fakultet tashkil etiladi.

Joriy yil sentyabrdan Rossiyaning Xalqlar doʻstligi universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti birgalikda “Dermatovenereologiya" yoʻnalishida qoʻshma fakultet ochish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Orenburg davlat tibbiyot universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida “Davolash ishi" va “Klinik psixologiya" yoʻnalishida ham qoʻshma fakultetlar tashkil qilinadi.

Sankt-Peterburg pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali bilan birgalikda esa oltita: “Akusherlik va ginekologiya", “Bolalar jarrohligi", “Travmatologiya", “Pediatriya", “Stomatologiya" va “Onkologiya" yoʻnalishlarida xalqaro fakultetlar tashkil qilish ham koʻzda tutilgan.


V. Skvorsova oʻzaro tajriba almashish va sohada olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda koʻmaklashish, sogʻliqni saqlash va tibbiy taʼlimni rivojlantirish yuzasidan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Manba: Gazeta.uz