O‘zbekistonda xususiy universitetlar ochilishi kerakmi?


O‘zbekiston tom ma’noda yangi davrga qadam qo‘ymoqda. Yangicha qarashlar, yangi g‘oyalar, innovatsiyalarga keng yo‘l ochilayapti. Ko‘plab sohalar isloh qilindi, o‘zgarishlar jarayoni davom etmoqda. Bu esa yana bir tabiiy ehtiyojni kuchaytiradi. U ham bo‘lsa barcha sohalar uchun malakali, raqobatbardosh, zamonaviy bilim va qarashlarga ega kadrlarni tayyorlab berishdan iborat.

Iqtisodiyot qancha rivojlansa, kadrlarga talab shuncha ortaveradi. Biroq bugungi milliy oliy ta’lim muassasalari iqtisodiyotni kerakli miqdorda, talab va ehtiyojlarga mos kadrlar bilan ta’minlay oladimi? Universitetlarning moddiy-texnik bazasi, o‘qituvchilar tarkibi, o‘quv dasturlari, darslik va qo‘llanmalar yuqori malakali kadrlarni yetkazib berishga yaraydimi?

Tizimda chuqur ildiz otgan korrupsiya, eskirgan va zamon talablariga javob bermaydigan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun, talabalar, tadqiqotchilar sonini cheklab kelayotgan kvota siyosati, sohada eskicha fikrlaydigan, o‘zgarishlarni tasavvur ham qila olmaydigan mutasaddilarning mavjudligi rivojlanish yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan bo‘lib qolmayaptimi?

Harvard universiteti, AQSh
Foto: Sanjar Said

Yaqinda «Facebook» ijtimoiy tarmog‘idagi umumiy auditoriyasi 200 mingdan ziyod bo‘lgan «Xalq bilan muloqot» hamda «Maslahat.uz» guruhlarida «O‘zbekistonda xususiy universitet ochilishi kerakmi?» degan savol bilan murojaat qildik edik. Aksariyat foydalanuvchilar O‘zbekistonda ham xususiy universitet ochish vaqti allaqachon yetib keldi degan fikrni bildirdi. Biroq ayrim yurtdoshlarimiz xususiy universitetlardagi ta’lim sifatiga shubha bilan qarab, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash muammo ekanini o‘rtaga tashladi. Ularning fikriga hurmatimizni saqlagan holda nima sababdan O‘zbekistonda ham xususiy universitetlar ochilishi shartligi haqida gaplashsak.

Avvalo, yaqinda AQSh Davlat departamenti ko‘magida Amerikaga xizmat safari bilan borib, oliy ta’lim tizimini yaqindan o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lganimizni aytib o‘tsam. Safar davomida dunyodagi eng mashhur xususiy oliy ta’lim muassasalaridan bo‘lmish Harvard universitetida ham bo‘ldik. Keling, xususiy universitetlarning afzalliklarini ushbu universitet misolida ko‘rib chiqsak.

Harvard universiteti, AQSh
Foto: Sanjar Said

Harvard universiteti AQShning Massachusets shtati Boston shahar aglomeratsiyasi tarkibidagi Kembrij shaharchasida joylashgan. 1636 yilda asos solingan universitetda 6700 nafar bakalavr va 14500 nafar magistr bosqichi talabalari tahsil oladi. Ushbu universitetda tahsil olgan, o‘qituvchilik qilgan yoki ishlaganlarning 75 nafari Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. AQShning sakkizta prezidenti, jumladan Barak Obama, shuningdek Devid Rokfeller, Bill Geyts, Mark Sukerberg kabi milliarderlar Harvardda tahsil olgan. Universitet o‘z bitiruvchilari orasidan yetishib chiqqan milliarderlari soni bo‘yicha mamlakatda birinchi o‘rinda turadi. Harvard endaument (maqsadli kapital) bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi — 36,4 mlrd dollar (2014 yilgi ma’lumot).

Universitetda bir yil o‘qish chet el grajdanlari uchun o‘rtacha 60 ming dollarga tushadi. Uning 40 ming dollari o‘qish puli bo‘lsa, 20 ming dollari yashash va boshqa xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan Harvard universitetining asosiy talabalari chet elliklardir.

Harvard «QS World University Rankings» dunyo universitetlari reytingida oltita ko‘rsatkich: tadqiqot faoliyati, o‘qitish, ish beruvchilarning fikrlari va karera qilish salohiyati, chet ellik talabalar va o‘qituvchilar soni bo‘yicha dunyoda kuchli uchlikdan o‘rin olgan. Xullas, xususiy universitetlardagi ta’lim sifati haqida gapirganda, hech qanday shubhaga o‘rin yo‘q: barchasi zamon talablari, ish beruvchilarning xohishlari darajasida. Buni ish beruvchilar o‘rtasida Harvard universitetining nufuzi 100 balli tizimda 99,9 foizga baholanishi ham ko‘rsatib turibdi.

Harvard universiteti, AQSh
Foto: Sanjar Said

Endi xususiy universitetlar ochilishiga qarshi bo‘lganlarning asosiy argumentlaridan bo‘lgan bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalasiga e’tibor qaratsak. Harvard universiteti ham boshqa har qanday nufuzli universitet kabi o‘z bitiruvchilariga ish topish va unga joylashishda yaqindan ko‘maklashadi. OTM kampusi hududida Karera markazi (Career Service) faoliyat ko‘rsatadi. «Career Service» mutaxassislari haq to‘lanadigan stajirovkalarni saralash, qiziqarli vakansiyalarni topish, ishga joylashish bo‘yicha kurs va treninglar tashkil etish, shuningdek talabalar potensial ish beruvchilar bilan tanishishi mumkin bo‘lgan tadbirlarni uyushtirish bilan shug‘ullanadi.

Amaliyotda Harvard universiteti bitiruvchilari ish topish muammosi bilan deyarli to‘qnash kelmaydi. Statistikaga ko‘ra talabalarning 60 foizi OTMda o‘qiyotgan vaqtidayoq o‘z ishiga ega bo‘ladi.

Ayrimlar O‘zbekistonda ham xususiy universitetlar ochilishi kerak degan fikrga Harvard misolida dalil keltirilganiga e’tiroz bildirishi mumkin. Chunki Harvard tashkil etilganiga qariyb 4 asr bo‘lgan, rivojlangan davlatda joylashgan va undagi sharoitni O‘zbekistondagi sharoit bilan taqqoslab bo‘lmaydi deb iddao qilishi mumkin. Qaysidir ma’noda bu e’tirozlarda jon bor ham. Ammo yuqorida ta’kidlaganimizdek, O‘zbekiston yangi davrga qadam qo‘ydi. Bizning muammolarimizni chetdan birov kelib hal qilib bermaydi. Hammasiga erishish uchun o‘z imkoniyatimiz, o‘z kuch-quvvatlarimizni ishga solishimiz kerak.

Xususiy universitet nafaqat milliy kadrlarni yetishtirish, balki turli sohalarda tadqiqot olib borish, izlanishlar natijalarini daromad keltiruvchi tarmoqlarga aylantirish, minglab ish o‘rinlarini yaratish degani hamdir. Eng e’tiborlisi, xususiy universitetlar faoliyati uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratish shart emas. Barchasi xususiy tadbirkorlar, muassislar, donorlar zimmasida bo‘ladi.

2018 yil fevral
Toshkent—Boston-Toshkent.

Manba: xabar.uz