San’at va madaniyat instituti bo‘lim boshlig‘i 4800 dollar bilan ushlandi


U qabul komissiyasi mas’ul kotibi sifatida abituriyentni o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 5 ming dollar so‘ragan.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bo‘lim boshlig‘i qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bo‘lim boshlig‘i, 2023-2024-o‘quv yili uchun qabul komissiyasi mas’ul kotibi A.O‘. fuqaro J.S.ni ushbu institutga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 5 000 AQSh dollari pora talab qilib, shundan 4 800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.