​«Super-kontrakt» asosida o‘qishga kirish uchun bu yil necha ball to‘plash kerak?


2018/19 o‘quv yilida qabul imtihonlarida 56,7 yoki undan yuqori ball to‘plagan, ammo qabul kvotasi bo‘yicha raqobatda yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlar oshirilgan to‘lov-kontrakt summasini to‘lash orqali talabalikka tavsiya etilishi mumkin. Bu haqda Oliy va o‘rta-maxsus vaziri Inom Majidov Kun.uz'ga ma`lum qildi. 

«Shu yilgi imtihonlar, xabaringiz bor, 15 kun davomida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari savollar soni ham kamaytirilgan, ya`ni har bitta fan bloki bo‘yicha 30tadan savol taqdim etiladi. Endi, qabul imtihonlaridan yetarli ball to‘play olmay, oshirilgan to‘lov-kontrakti bo‘yicha o‘qishga kirishni istagan abituriyentlar uchun yangi mezon belgilandi. Ular 56,7 yoki undan ko‘p ball to‘plagan holda ham o‘qishga kira olmasa, yuqorida qayd etilgan imkoniyatdan foydalanadi», deydi vazir. 

Ma`lum qilinishicha, Davlat qabul komissiyasi a`zolari abituriyent hech qanday ball to‘play olmagan taqdirda ham talabalikka tavsiya etilishi haqida o‘ylanmoqda. Vazirning aytishicha, agar shunday tizim yo‘lga qo‘yilsa, oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori ancha yuqori bo‘lishi tayin. 

Quyidagi havola orqali vazir bilan intervyuni to‘liq ravishda tomosha qilishingiz mumkin.

Manba: kun.uz