Test sinovlariga oid ommabop savollarga javoblar


Prezidentimiz tomonidan shu yil 14-mayda qabul qilingan 4319-sonli qarorga muvofiq talabalikka test sinovlari orqali qabul qilish bo‘yicha kiritilgan yangilik hamda o‘zgarishlar yuzasidan abituriyentlar ko‘proq ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilmoqda. Bugungi kunda qaror asosida test sinovi orqali qabulning tegishli mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. Vazifa va talablarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari ishlab chiqilgandan keyin barcha savollarga batafsil javob berish mumkin. Shunday bo‘lsada, ijtimoiy tarmoqlar orqali berilayotgan savollarga javob berib borishga harakat qilamiz.

1-savol. Hujjatlarni topshirish qachondan boshlanadi?

— Hozircha amaldagi tartib o‘zgargani yo‘q. Alohida qayd etish kerakki, ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati ishlab chiqilgach va joriy yil uchun kvotalar tasdiqlangach, qabul boshlanadi.

2-savol. Imtiyozlar sirtqi ta’lim yo‘nalishlariga ham o‘tadimi?

— Ma’lumki, sirtqi, kechki ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi. Shuni hisobga olsak, davlat granti asosida o‘qish huquqini beruvchi imtiyozlar ushbu ta’lim turlariga tatbiq etilmaydi.

3-savol. Videokuzatuvning sifati oshadimi?

— Albatta. Bu yil o‘tgan yili ishlatilgan statsionar videokameralar o‘rniga keng imkoniyatli videokameralar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Ular sifatli videotasvir va ovozni sifatli yozib olish hamda binolardagi test jarayonini keng diapazonda yoritish imkoniyatiga ega.

Savollarga Davlat test markazi matbuot xizmati rahbari Orziqul BOBOYEV javob berdi.

Manba: "Ma'rifat" gazetasi