Abituriyentlar diqqatiga: Tibbiyot oliygohlariga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar tibbiy ko‘rikdan o‘tolmasa, o‘qishga qabul qilinmasligi mumkin


Tibbiyot oliygohlariga tavsiya etilgan abituriyentlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng o‘qishga qabul qilinadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda aytib o‘tdi,deya xabar bermoqda “Daryo" muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Anjumanda Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Laziz To‘ychiyevning ma’lum qilishicha, tibbiy ko‘rik abituriyent talaba bo‘lganidan keyin o‘qishga imkoniyati, unda bir nechta oftalmologik muammolar — ranglarni tanlay olmasligi yoki keyinchalik tibbiy yordamda mutaxassis sifatida faoliyat ko‘rsatishda ma’lum bir chegaralangan holatlarning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan.

“Lekin bu yil tibbiy ma’lumotnoma bekor qilindi. Agar tibbiyot akademiyasi misolida oladigan bo‘lsak, topshirilgan hujjatlarning yarmidan ko‘pi hududlarda topshirildi. Bularni tibbiy ko‘rik qilish mutlaqo imkoniyati yo‘q va bu normativ hujjatlarda ko‘rsatilmagan. Agar abituriyentlar ma’lum bir test imtihonlaridan o‘tib, talabalikka tavsiya etilsa, ularning har biri bilan muloqot qilib, kerak bo‘lsa, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqchimiz", — deya ta’kidladi akademiya rektori.

Laziz To‘ychiyevning aytishicha, talabalikka tavsiya etilgan abituriyent tibbiy ko‘rikdan o‘tolmasa, abituriyent tanlagan uchta yo‘nalishning qolgan ikkitasiga tavsiya etilishi mumkin. Abituriyentda uchta yo‘nalishni tanlash imkoni bor. Tanlangan yo‘nalishlarning aksariyat yo‘nalishi tibbiyot emas, lekin topshirayotgan imtihonlari bir xil bo‘lgan biologiya va bir nechta gumanitar yo‘nalishlardir.

“Bu masala muhokamada. O‘qishga tavsiya etilagan abituriyentni o‘qishga qabul qilishimiz, ma’lum bir darajada o‘qitishimiz ham mumkin. Lekin u ishlay olmaydi. Buni tavsiya etilgan abituriyentlarga tushuntiramiz. Ularning uchta yo‘nalishdan bittasini tanlashga haqqi bor. Oldindan abituriyentlarga bu narsani aytishni imkoni yo‘q. Chunki abituriyentlarning 60 foizi hududlardan ariza topshirgan. Avvallari 10 mingdan ziyod abituriyent hujjat topshirardi va ularni tibbiy ko‘rigini o‘tkazardik. Hozir o‘qishga tavsiya etilganlar soni 500 nafar atrofida bo‘ladi. Ularni bir kunda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyati bor, — deya qo‘shimcha qildi rektor.

Vazirlikning fan va ta’lim bosh boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Ismoilovning aytishicha, Sog‘liqni saqlash, Adliya va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamda bir qancha tegishli idoralar ushbu hujjat ustida ishlamoqda. Abituriyentlar imtihonlardan o‘tgunga qadar masalaga to‘liq oydinlik kiritiladi.


Manba: daryo.uz