Toshkent davlat yuridik universiteti 5 kunlik ta’lim tizimiga o‘tdi


Toshkent davlat yuridik institutida 5 kunlik ta’lim tizimi joriy etildi, deb xabar qilindi milliy matbuot markazida Toshkent davlat yuridik universiteti mas’ul xodimlari tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Ta’kidlanishicha, yangi o‘quv yilidan e’tiboran universitet haftada 5 kunlik ta’lim tizimiga o‘tgan. Bunda har haftaning shanba kuni professor-o‘qituvchilar ta’lim jarayonidagi yangiliklardan xabardor bo‘lib boradi, ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanadi. Talabalar mustaqil ta’lim jarayoniga jalb etiladi.

Tadbirda shuningdek, 2017/2018 o‘quv yili uchun o‘tkazilgan test sinovlari natijalari, o‘quv-tarbiyaviy jarayon sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi, jurnalistlar savollariga javob qaytarildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga 6 mingdan ziyod abituriyentdan hujjatlar qabul qilindi. Ular orasida 518 harbiy imtiyozga ega yoshlar, 3 fan olimpiadasi g‘olibi o‘qishga kirish istagini bildirgan. 2017/2018 o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga 20 davlat granti, 580 to‘lov-kontrakt asosida 600 talaba o‘rni ajratildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga chet el fuqarolarini o‘qishga qabul qilish bo‘yicha soddalashtirilgan tizim joriy etildi. Endilikda ular universitetga test sinovlarisiz, suhbat natijasiga ko‘ra qabul qilinadi. Joriy o‘quv yilida Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Qozog‘iston va Turkmanistondan 11 abituriyent mazkur universitet talabalari safiga qabul qilindi.

Universitetda 2017/2018 o‘quv yili uchun magistratura ta’lim yo‘nalishiga 120 o‘rin ajratilgan bo‘lib, 74 talaba qabul qilingan. Bu holatni universitet mas’ullari magistraturaga qabul jarayonida yangi tizim joriy etilgani va talablar yanada ortgani bilan izohlashdi. Yangi tizimga ko‘ra, endilikda talabgorlar 2 bosqichda sinovdan o‘tadi. Dastlabki bosqich test sinovi. Ikkinchi bosqichda esa yozma imtihon. Bundan tashqari chet tilini bilish darajasiga alohida e’tibor qaratiladi.

Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul summasi Toshkent davlat yuridik universitetida bir yillik to‘lov-kontrakt pulining 25 barobarini tashkil qildi. Bunda abituriyentlar to‘plagan ball ketma-ketligiga qat’iy tayaniladi.

Manba: sof.uz