Toshkentdagi Prezident universitetida Oksford ta’limi joriy etiladi


Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni poytaxt tuman hokimlari,sektor rahbarlari, mahalla raislari va Yunusobod tumani yoshlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz».

«Biz prezident universitetini quramiz. Oksford ta’limini birinchi marta O‘zbekistonda joriy qilmoqchimiz. Britaniyaning ta’lim sohasi dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Biz yangi prezident maktablarini ochdik, endi 8000 talabaga mo‘ljallangan yangi prezident universitetini ochamiz. Barcha domlalari chet eldan bo‘ladi», – dedi davlat rahbari.

«Bizning bolalarimiz chet elga ketishadi – ularning 50 foizi qaytib kelmaydi. «Eng katta aql» ketayapti. U yerdagi sharoit ularga yoqadi, oylik katta. Ammo endi men shu sharoitlarni yaratib, ularni o‘zimizda o‘qitmoqchiman. Ketmasin bolalarimiz», — deya ta’kidlagan prezident.

Eslatib o‘tamiz, Prezident universiteti ochilishi haqida Shavkat Mirziyoyev 2019-yili Namanganda bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida ma’lum qilgandi.