Yoshlar ittifoqi faollari oliy ta`lim muassasalariga imtiyozli qabul qilinadi


Vazirlar Mahkamasining 14 noyabrdagi "O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a`zolariga oliy ta`lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimidagi sardorlar, boshlang‘ich tashkilotlardagi yo‘nalish yetakchilari, ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan fidoiy yoshlar tavsiyanoma asosida doimiy yashash joyidagi oliy ta`lim muassasalarining pedagogika ta`lim yo‘nalishlariga imtihonsiz qabul qilinadi.


Qarorning to‘liq matni www.lex.uz saytida keltirilgan.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a`zolariga oliy ta`lim muassasalariga imtiyozli qabul qilish bo‘yicha tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, tavsiyanomalar - respublika komissiyasi tomonidan tanlovda g‘olib nomzodlarni oliy ta`lim muassasalariga imtiyozli qabul qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatdir;

Nomzodlar quyidagi toifalar bo‘yicha tavsiyanomaga ega bo‘lishi mumkin:

a) Yoshlar ittifoqining sardorlari;

b) Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlaridagi yo‘nalish yetakchilari;

v) Yoshlar ittifoqi tizimida ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan fidoyi yoshlar.

Tavsiyanoma faqat taqdim etilgan yil uchun amal qiladi. Tavsiyanomalar O‘zbekiston Respublikasida joylashgan xorijiy oliy ta`lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.

Nomzod tanlovlarda ishtirok etish uchun o‘z hududidagi tuman (shahar) komissiyasiga Nizomning 3-bandiga muvofiq quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) tuman (shahar) komissiyasi raisi nomiga ariza;

b) umumiy o‘rta ta`lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat hamda baholar ko‘rsatilgan ilovaning nusxalari;

v) ta`lim muassasasidan bitiruvchi o‘quvchi ekanligi to‘g‘risida ma`lumotnoma (ma`lumotnomada oxirgi ikki yilda fanlardan olgan baholari ko‘rsatiladi);

g) 086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma`lumotnoma;

d) pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;

i) 3.5 x 4.5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurat;

e) mehnat daftarchasining nusxasi (ish staji mavjud bo‘lsa);

j) Yoshlar ittifoqi tizimida erishgan natijalarini tasdiqlovchi hujjatlarning (diplom, sertifikat, faxriy yorliq va boshqa hujjatlar) nusxalari.

Nomzodlardan boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Hujjatlar har yili 1 martdan 25 martgacha tuman (shahar) komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.


Manba: kun.uz