Yuridik universitet fanlaridagi o'zgarishlar boshqa OTMlardagi yurisprudensiya yo'nalishiga ham taalluqlimi?


Yuridik universitetda testda ona tili va adabiyoti faniga eng yuqori ball berilishi aytildi, bu o‘zgarish Qoraqalpoq davlat universitetining yurisprudensiya fakultetiga ham taalluqlimi?

JAVOB: Yo‘q, taalluqli emas. Davlat qabul komissiyasining bayonida ushbu o‘zgarish faqat Toshkent davlat yuridik universitetiga tegishli ekanligi belgilangan.

Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida mavjud bo‘lgan yurisprudensiya yo‘nalishlarida o‘zgarish yo‘q.

Lekin bir qiziq jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Oxirgi o‘zgarishdan keyin O‘zbekistondagi yuridik yo‘nalishlari uchun test sinovi 3 xil fanlar majmuasi bo‘yicha o‘tkaziladigan bo‘ldi.

TDYuU uchun:

Ona tili va adabiyoti – 3,1

Chet tili – 2,1

Tarix – 1,1

JIDU uchun:

Tarix – 3,1

Chet tili – 2,1

Ona tili va adabiyoti – 1,1

QDU uchun:

Tarix – 3,1

Ona tili va adabiyoti – 2,1

Chet tili – 1,1

Ko‘rib turganingizdek, yurist bo‘lish uchun turli OTMlarga turlicha tayyorgarlik ko‘rish kerak. Shu paytgacha, faqat JIDUda fanlar o‘rni boshqacha edi, aniqrog‘i chet tili faniga ona tiliga qaraganda kattaroq ball berilardi. Buni mantiqan tushunsa bo‘ladi, chunki yo‘nalish nomining o‘zi ham 5240100-Yurisprudensiya (xalqaro huquqiy faoliyat) deb nomlanadi. Shu sababli bu yerda xorijiy tilga talab yuqoriroq edi.

Ammo hozir uchta OTMda uch xil test mavjudligi, fikrimcha, yurtimizda yuridik yo‘nalish bo‘yicha tizimli yondoshuv mavjud emasligini ko‘rsatadi. Qilinayotgan o‘zgarishlar aniq ilmiy tadqiqotlar, asosli argumentlar natijasida amalga oshirilayotganiga shubha tug‘iladi. Chunki haligacha hech kim bo‘lajak yuristlarga nima uchun tarixdan ko‘ra, ona tili va adabiyoti fani muhimroq ekanligini ilmiy tushuntirib bermadi. Agar haqiqatdan yurist uchun ona tili va adabiyoti fani muhimroq bo‘lsa (har holda kanaldagi so‘rovnomada ko‘pchilik bu o‘zgarishni yoqladi), unda nima uchun bu faqat Yuridik universitetga tatbiq etilyapti? Nima, qolgan ikkita OTMda yuristlar tayyorlanmaydimi? Aytyapmanku, bu borada tizimli yondashuv yo‘qdek, hamma o‘z ko‘rpasini o‘ziga tortayotganga o‘xshab ko‘rinyapti. Albatta, bularning barchasi IMXO.

Ha, aytgancha, yana bir narsaga diqqatingizni tortmoqchiman.

Yuridik universitetdagi fanlar majmuasi birorta boshqa yo‘nalishda yo‘q. Ya’ni hech qayerda ona tili, chet tili, tarix ketma-ketligi mavjud emas. Bu esa o‘z navbatida joriy yilda bir nechta OTMga hujjat topshirish tizimi yo‘lga qo‘yilayotgan bir paytda TDYuUga topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar faqat va faqat shu universitetga hujjat topshira olishi mumkinligini anglatadi, abituriyentlarning bir nechta OTMga hujjat topshirish huquqini cheklashi mumkin. Chunki hali rasman tasdiqlanmagan ushbu tartib loyihasida bir nechta OTMga hujjat topshirish tizimi fanlar majmuasi bir-biriga mos kelgan OTMlar o‘rtasida amal qilishi nazarda tutilmoqda.

Mayli, kuzatamiz, barchasi yaxshilikka bo‘lishidan umidvormiz.

Xushnudbek Xudayberdiyevning telegram kanalidan olindi