Shavkat Mirziyoyev JIDUda BMT bilan hamkorlikda Chet tillarini chuqur o‘rgatish markazi tashkil etilishini ma’lum qildi


Chet tili o‘qituvchilarining 90 foizi ingliz tiliga ixtisoslashgan bo‘lib, sharq tillari (xitoy, koreys, turk, arab, fors) poytaxtdan boshqa hududlarda deyarli o‘qitilmaydi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z yuritildi.

“Chet tillarini o‘qitishda nodavlat ta’lim muassasalari va Britaniya kengashi, Gyote instituti, Fransuz alyansi, KOIKA, JAYKA, Konfutsiy instituti kabi xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarur.

Misol uchun, chet tili o‘qituvchilarining 90 foizi (46 ming nafar) ingliz tiliga ixtisoslashgan bo‘lib, sharq tillari (xitoy, koreys, turk, arab, fors) poytaxtdan boshqa hududlarda deyarli o‘qitilmaydi. Shu bois tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Farhod Arziyev elchilarimiz bilan birga, o‘zlari biriktirilgan viloyatlarda kamida 2-3 tadan chet tilini o‘rgatish markazini tashkil etishga hamda ularga o‘zlari ishlayotgan davlatlardan malakali o‘qituvchi va volontyorlarni jalb qilishga mas’ul bo‘ladilar.

Arziyev ikki oy muddatda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bo‘linmalari bilan birga, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida turli soha mutaxassislariga Chet tillarini chuqur o‘rgatish markazini tashkil etadi. Bu bizda bir paytlar bor edi, tajribamiz ham yetarli. Ammo keyinchalik yo‘q bo‘lib ketdi. Endi zamonaviy markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yamiz", – dedi davlat rahbari.