Harvard qanday nom qozongan?


2018 yilda O‘zbekistondagi oliygohlar soni yana bittaga ko‘paydi. Samarqandda mamlakatning sayyohlik salohiyatini oshirish vazifasi qo‘yilgan «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti ochildi. Bu universitet ayni damda ta'lim to‘liq ingliz tilida amalga oshiriladigan ilk oliygoh hisoblanadi. Janubiy Koreya ta'lim sistemasida ishlab nom qozongan Azamat Akbarov ayni damda turizm universitetining prorektori vazifasida ishlab keladi. Yangi universitet faoliyatini oyoqqa turg‘izishda jonbozlik ko‘rsatayotgan mutaxassis vaqt ajratib, bizning savollarimizga javob berdi.

«Ta'lim mamlakatning «yumshoq kuch»iga aylanishi kerak»

Suhbatimiz avvalida Azamat Akbarov mamlakatdagi ilk xalqaro maqomini olgan davlat universitetida ishlayotganidan faxrlanishini aytib, oliygoh qaysi yo‘ldan borishi haqida gapirdi:

«Universitetimiz ochilishi haqida Tsindaodagi ShHT sammiti vaqtida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev e'lon qilganlar. Davlat oliygohlari ichida faqat bizga xalqaro statusi berildi. Bizda xalqaro oliygohlarning filiallari bor va biz o‘sha xalqaro universitetlarga raqobatchi milliy-xalqaro oliygohga aylanishimiz lozim. Xalqaro universitet O‘zbekistonning «yumshoq kuch»iga (soft power) aylanishi kerak. «Yumshoq kuch» ham aslida mashina, meva-sabzavot kabi O‘zbekiston chetga eksport qiladigan mahsulot. Bizning vazifamiz ta'lim orqali mamlakatni dunyoga tanitish.

Universitetimiz 2019/20 yillarda to‘liq ingliz tilida dars beriladigan tizimga o‘tdi. Bunday tajriba davlat universitetlari orasida birinchi bo‘lib bizda amalga oshirildi. Bundan tashqari biz «Balonya tizimi»ga o‘tdik. Ya'ni kredit-modul tizimiga. Bu tizim birinchidan, universitetning xalqarolashuviga yordam beradi. Ikkinchidan, Yevropa, Janubiy Koreya, Yaponiyadagi kuchli oliygohlar bilan talaba almashish imkonini oshiradi (ya'ni o‘qishni boshqa oliygohga ko‘chirish).

Bu tizimda talaba belgilangan miqdordagi «kredit» olishi kerak. Masalan, bizda 240 «kredit» olish majburiy va talaba buni xohlasa 4 yilda, xohlasa 5 yilda olishi mumkin. Bu talabaga erkinlik tug‘diradi. Aytaylik, talaba o‘qish bilan birgalikda biror yerda ishlashi mumkin. Agar u belgilangan «kredit»ni olishni ishlab ham eplasa, marhamat, bemalol ishlasin. Biz talabaning o‘z sohasi bo‘yicha ishlashini faqat olqishlaymiz. Talaba bu semestrda ololmagan «kredit»larining o‘rnini keyingi semestrda to‘ldirib qo‘yishi mumkin. Ya'ni, talaba o‘z o‘quv rejasini o‘zi tuza oladi.

Nega ba'zi talabalar chet eldagi oliygohlarda birinchi semestrdayoq o‘qishdan haydalib ketadi? Chunki u kerakli darslarni qaytadan o‘qishga ulgurmaydi. Vaholanki ular mahalliy oliygohlarda talab qilingan fanlarni o‘qigan, ammo buning isboti bo‘lmagan. Kredit-modul tizimida esa mana shunday muammo bo‘lmaydi».

«Ortiqcha fanlar korrupsiyani keltirib chiqaradi»

Mutaxassis bugun mahalliy oliygohlarda haddan tashqari ko‘p fan o‘qitilishini, bunday ortiqcha yuklamalar talabaga og‘irlik qilishini aytdi. Akbarovning fikricha, talabalar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha fanlarni o‘zlashtirishga asosiy e'tiborini qaratishi kerak:

«Bizda hozirda bir semestrda 5 ta fan o‘qitiladi. Ba'zi oliygohlarda esa talabalar yarim o‘quv mavsumida 10-12 ta fanni o‘zlashtirishga majbur. Ta'lim inqilobi ro‘y berayotgan raqamli dunyoda nega talaba bunchalik ko‘p fan o‘qishi kerak?

Nega 10 ta emas, 5 ta fan deyishingiz mumkin. Buni oddiy tushuntirish mumkin: aytaylik, talaba bitta fanni o‘zlashtirishi uchun kerak bo‘lgan 500 sahifali kitobni o‘qish uchun 150 soat vaqt sarflaydi. Chunki tahlillarga ko‘ra, talaba 1 soatda 5-6 sahifa ma'lumotni o‘zlashtira oladi. Yana faraz qilaylik, talaba 10 sahifalik mustaqil ish yozish uchun qo‘shimcha 1 000 sahifa ma'lumot o‘qishi kerak. Bunga 300 soat ketadi.

Endi umumiy 450 soatni 24 ga bo‘lsak, 18 sutka bo‘ladi. 18 sutkani 12 ga ko‘paytiring (agar 12 ta fan o‘qitilsa). 220 sutka bo‘lyapti. Axir bir semestrda 120 sutka bor-ku?! Savol: nega biz talabaga imkonsiz vazifa yuklashimiz kerak? Shunday bo‘lgan taqdirda talaba barcha fanlarga tayyorlanish imkonsiz ekanini ko‘radi va 3-4 ta fandan tayyorlanib, qolganlariga «to‘g‘ri bo‘lmagan» muqobil yo‘llarni qidira boshlaydi. Shuning uchun bugun ta'limda korrupsiya muammosi jiddiylashib ketgan.

Men talabalik vaqtimda 120 dan ortiq fan o‘qiganman. Ammo keyinchalik faoliyatimda bu fanlarning 1-2 tasidangina foydalandim deb ayta olaman. O‘zimiz talaba bo‘lgan vaqtimizda ko‘p fanlarning qiyinchilik tug‘dirishini bilgan holda qo‘l ostimizdagi talabalarni «o‘qqa tutishimiz» kerak emas. Hech bir fanni keraksiz deb bo‘lmaydi, lekin qandaydir yo‘nalish uchun ba'zi fanlar kerak bo‘lmasligi normal holat. Biz talabalarning xotirasini rivojlantirishga emas, ularning ijodkorlik qobiliyatini oshirishga e'tibor berishimiz kerak».

«Ilmning asosiy manbai — internet»

Azamat Akbarov zamonaviy dunyoda bilimning asosiy manbasi internet ekanini aytdi. Uning fikricha, 90 yillardagi kabi ilm manbai faqat professorlar deb o‘ylash kerak emas:

«Talaba hamma bilimni oliygohdan olishi kerak degan tushuncha xato. U kutubxonadan, amaliyotdan, kitoblardan ham bilim olishi mumkin. Bizni o‘rab turgan olam bilimga asoslangan asrimizda bilim olishning yagona yo‘li universitetda o‘qish deb o‘ylamaslik kerak. 90 yillarda bilimning yagona manbasi aytaylik, qaysidir professor deb qaralgan. Fanning yagona nusxadagi darsligi uning xonasida saqlanar va yuzlab talabalar o‘sha kitob uchun navbat kutardi (kuladi). Bugun esa bilimning asosiy manbai — internet. Bugungi talabada doim internet bor va u dars vaqtida xato ma'lumot bersangiz, o‘sha zahotiyoq buni bilib oladi.

Biz talabani bilimning manbasini topishga o‘rgatishimiz kerak. Yuqorida aytganim «Bolonya tizimi»ga ko‘ra o‘qituvchiga berilgan darslik bilan talaba ham ta'minlanishi kerak. Bundan tashqari pedagog qo‘shimcha tavsiya qilingan manbalar, onlayn resurslar bilan talabani tanishtirishi shart. O‘z faniga oid konferensiya, tadqiqotlar, yangiliklar bilan ham talabani o‘qituvchi boxabar qilishi kerak».

«Urushdan so‘ng xarobaga aylangan mamlakatlar sifatli ta'lim sabab bugun qudratli davlat bo‘ldi»

«Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya kabi mamlakatlar vayronaga aylangandi. Ammo ular hozir dunyoning eng kuchli 10 davlati qatorida turishadi. Ularning 40 yil ichida bunday qudratli davlatga aylangani nima bilan bog‘liq? Albatta, ta'lim bilan. Janubiy Koreyada yer osti boyliklari yo‘q, ammo ular o‘z imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalandi. Masalan, kemasozlikda koreyslar tengsiz. Bu mamlakatlar avvalo universitetlarni oyoqqa turg‘izishdi, keyinroq esa universitetlar mamlakatlarni oyoqqa turg‘izdi».

4 avlod universitetlari: biz birinchi bosqichdamiz

Suhbatdoshimiz universitetlarni 4 ta avlodga bo‘lish mumkinligini aytish asnosida biz hali birinchi bosqichda ekanimiz haqida achinish bilan gapirdi:

«Universitetlarni shartli ravishda 4 ta avlodga bo‘lish mumkin. Birinchi avlod bu an'anaviy uslubdagi oliygohlar. Afsuski, bizdagi aksar universitetlar mana shu toifada. Ya'ni, bizda faqat nazariy bilim berish odat tusiga kirgan. O‘qituvchi darsga tayyorlanadi, leksiyani o‘qiydi, tajriba esa yo‘q. Ba'zi o‘qituvchilar 30-40 yil avvalgi darsliklardan foydalanadi. Nima, bu yillarda fan rivojlanmadimi? Biz vizual resurslardan foydalanmay metodologiyani rivojlantira olmaymiz.

Ikkinchi avlod bu fanga asoslangan universitetlar. Janubiy Koreya va Yaponiyani aynan mana shunday universitetlar rivojlantirgan. Samsung, LG kabi kompaniyalar universitetlar bilan hamkorlikda rivojlandi. Ya'ni, biror universitet bu korxonalarning butun boshli loyihalarini amalga oshirib beradi va bu uchun katta pul oladi. Ham talaba tajriba orttiradi, ham universitet pul topadi. Ularda bir professor yiliga 30-40 million dollar topishi mumkin. Natijada u butun dunyodan o‘zi xohlagan doktorantlarni qabul qilib, loyihalarini amalga oshira oladi. Bunday professorlarning yillik budjeti bizdagi butun boshli universitetlarning budjetidan kattaroq.

Uchinchi avlod bu tadbirkorlik ruhidagi universitetlar. Bunday oliygohlar AQSh va Kanadada keng tarqalgan. Google, WhatsApp kabi loyihalar aynan mana shunday toifadagi universitetlar talabalari tomonidan amalga oshirilgan. Massachusets universiteti har yili 50-60 talaba millionlab dollarlik startap loyihasiga ega bo‘lgan holda tamomlaydi. Facebook, Microsoft kabi yirik korxonalar ham startapdan boshlangan. Bunday loyihalarni «garajdagi g‘oyalar» deb atashadi. Ya'ni, 3-4 do‘st loyiha uchun joy topolmay uni garajda amalga oshirishadi. Endi tasavvur qiling, biz qayerda-yu, dunyoning ilg‘or universitetlari qayerda...

To‘rtinchi avlod bu mentor uslubidagi universitetlar. Bizning vazifamiz qisqa muddatda birinchi avlod universitetidan to‘rtinchi avlod universitetiga aylanish. Bu uchun ko‘zbo‘yamachilikdan qochib, chinakamiga ishlashimiz kerak. Faqat qog‘ozlarda mashhur, amalda esa qoloq bo‘lib qoladigan universitet bo‘lish kerak emas. Men mana shu vazifani uddalash uchun harakat qilaman. Bu uchun Janubiy Koreyadagi qulay sharoitlarni tashlab keldim axir».

«Talabadan shunchaki ishchi sifatida foydalanmaslik kerak»

«Talabalarning o‘qish vaqtida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashi juda yaxshi narsa. Buni Germaniya metodi deyishadi. Germaniyada talabalar uchinchi kursdayoq o‘z mutaxassisligi bo‘yicha shirkatlarda ko‘ngilli sifatida ishlaydi. Ular kerak bo‘lsa bepul ishlashadi. Bizda ham shunday bo‘lishini juda xohlayman. Bir nechta sayyohlik shirkatlari bilan bu borada gaplashdim. Ularga talabalardan shunchaki ishchi sifatida foydalanmaslik kerakligini, ularning intellektini to‘g‘ri yo‘naltirish foydaliroq bo‘lishini aytdim. Biz birinchi va ikkinchi kurs talabalarining 30% bahosini amaliyotdan olishini belgilaganmiz. Keyingi kurslarda bu ko‘rsatkich 50 foizga yetadi».

Harvard qanday nom qozongan? Katta universitetlar qanday «o‘zini boqadi»?

Dunyoning ko‘plab universitetlarida bo‘lib tajriba orttirgan suhbatdoshimizdan Harvard, Oksford kabi oliygohlar qanday qilib bu qadar mashhur bo‘lgani, ular qay tariqa iqtisodiy mustaqillikka erishgani haqida so‘radik. Uning aytishicha, barchasi sifatli ta'lim sabab:

«Siz sanagan universitetlarga o‘qishga kirish oson, lekin ularni bitirish qiyin. Ularning bugungi kabi nom qozonishiga sabab ta'lim sifati. Bu oliygohlardagi o‘qituvchilar darsga hayotining eng muhim lahzasi kabi qarab bir soat leksiya o‘qish uchun uch soat tayyorlanishadi. Tasavvur qiling, ular 10 minglab odamlarga leksiya o‘qishadi. Bu leksiya davomida 1 000 betlik ma'lumotlar bir soatda tinglovchilarga yetkaziladi.

Bizda esa o‘qituvchilar 20-30 soatlab darsga kiradi. Bir soat leksiyaga uch soat tayyorlanish kerak bo‘lsa, 60 soat vaqt ketadi. O‘zi haftada 50 ish soati bo‘lsa, o‘qituvchi buncha leksiyaga qanday tayyorlansin? Ularda faqat darsga kirishga vaqt qolyapti xolos. Harvard qanday Harvard bo‘lgan degan savolga shunday javob berish mumkin: sifat, mas'uliyat, raqobat sabab».

Motorola va Nokia qanday qilib Apple va Samsung bilan raqobatga dosh bera olmadi?

Akbarov turizm universiteti rivojlanishdan to‘xtamasligi kerakligini aytib, bunga jonli misollar keltirdi:

«Universitetimizdagi o‘qituvchilarning 70 foizi xorijlik. Yuqorida aytganimdek bizda ta'lim ingliz tilida tashkil etilgan. Mutaxassislarimiz asosan turizm sohasi bilimdonlari. Masalan, turizmda ishlatiladigan biznes ingliz tili mutaxassisi talabalarimizga dars beryapti. Shuningdek, Tayvan, Yaponiya, Ispaniyada ishlab yurgan o‘zbekistonlik pedagoglarni ham jalb qildik. Bizning g‘oyamiz Oksfordga bormay turib o‘zimizda oksfordcha ta'lim sifatini shakllantirish.

Albatta, sifatli ta'lim uchun yaxshi bino kerak bo‘ladi. Bizga Samarqanddagi mashhur universitet xiyobonida joylashgan sobiq SamDU litseyi binosi berilgan. Nasib bo‘lsa, fevralda o‘sha yangi binoda o‘qishni boshlaymiz. Bu oddiy bino emas, «smart campus» (aqlli bino) bo‘ladi. Bino oxirgi avlod texnikalari bilan jihozlanadi va u yerda hujjatlar onlayn to‘ldiriladi.

Biz doim zamon bilan birga rivojlanishimiz kerak. O‘z vaqtida juda mashhur bo‘lgan Motorola, Nokia telefonlari raqobatda Apple, Samsung telefonlariga yutqazdi. Chunki ular zamon bilan birga rivojlana olmadi. Xuddi shunday, bizdagi bosma nashrlar ham raqobatda internet saytlariga yutqazdi. Universitetlar ham zamon bilan birga rivojlanishi kerak».

Manba: Kun.uz